Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini maqbullashtirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF–5780-son Farmoniga muvofiq:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab joriy etiladigan tartibga muvofiq:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalari (keyingi oʻrinlarda – yer uchastkalari)tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali beriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq yer uchastkalarini taqdim etish hollari bundan mustasno;

jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida(keyingi oʻrinlarda – “YERELEKTRON” AAT) aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarnikeyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qoʻyish masalasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun joylashtirish boʻyicha takliflar kiritish huquqi beriladi.

2. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) yer uchastkalari boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish qismi boʻyicha:

“YERELEKTRON” AATga yer uchastkalari boʻyicha maʼlumotlarni kiritish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarining tegishli tuman (shahar) filiallari tomonidan (keyingi oʻrinlarda – “Davergeodezkadastr” organlari) mustaqil ravishda amalga oshiriladi;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan maʼlumotlar “YERELEKTRON” AATga kiritilganda “Davergeodezkadastr” organlari tomonidan besh ish kuni mobaynida qonunchilikda nazarda tutilgan zarur materiallar tayyorlanadi. Bunda yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash ishlarining qiymati yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi;

yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va (yoki) u boʻyicha xulosalar berish vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda“YERELEKTRON” AAT orqali unga yer uchastkalari boʻyicha maʼlumotlar kiritilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;

yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan hududlarni rivojlantirish rejalari va qurilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida aniq yer uchastkasida qurilishi ruxsat berilgan yoki taqiqlangan obyektlar turi aniqlanadi, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi ishlab chiqiladi. Bunda arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish xarajatlari yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;

yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda tuman (shahar) ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan ham muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar taqdim etiladi;

elektron onlayn-auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning turi yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda belgilanadi;

yer uchastkasini tanlash materiallari yuzasidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, yongʻin xavfsizligi hududiy boshqarmalari va boʻlimlari, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining hududiy tashkilotlari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalarining xulosasini olish talabi bekor qilinadi;

b) yer uchastkasini “Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionga qoʻyish qismi boʻyicha:

yer uchastkasi toʻgʻrisida majburiy koʻrsatiladigan maʼlumotning minimal hajmi unga boʻlgan huquq turi, maydoni (gektarda) va joylashgan joyi, elektron onlayn-auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasiga tutash yer uchastkalari (obyektlari)ning belgilangan maqsadi turlari, yer uchastkasi kiradigan yerlar toifasi va turi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarigacha boʻlgan masofa toʻgʻrisida maʼlumot, mazkur yer uchastkasida qurilishga ruxsat berilgan yoki taqiqlangan obyektlar turlari roʻyxati, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va texnik shartlarni oʻz ichiga olishi lozim;

yer uchastkalarining boshlangʻich narxi yer uchastkalarining tasdiqlangan minimal qiymati asosida “Davergeodezkadastr” organlari tomonidan kelishuv amalga oshirilgandan va ijobiy xulosa berilgandan soʻng besh ish kuni ichida aniqlanadi. Har bir tuman uchun yer uchastkalarining minimal qiymati har yili 10-iyun va 10-dekabrgacha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Elektron onlayn-auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning turi, yer soligʻining yillik miqdori, yer uchastkasini tanlash boʻyicha materiallarni tayyorlash xarajatlari, shuningdek, yer uchastkasining joylashgan joyi, unda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish nuqtalarining mavjudligi yer uchastkasining minimal qiymatini belgilash mezonlari hisoblanadi;

tuman (shahar) hokimligi tomonidan yer uchastkasi kelishilgan va ijobiy xulosalar olingandan soʻng besh ish kuni mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari bilan kelishilgan holda yer uchastkasiga nisbatan investitsiya majburiyatlari belgilanadi;

yer uchastkasi “Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionga“YERELEKTRON” AAT orqali avtomatlashtirilgan tartibda yer uchastkasining boshlangʻich narxi aniqlangan va investitsiya majburiyatlari belgilangandan soʻng qoʻshimcha qarorlar qabul qilinmasdan joylashtiriladi;

v) yer uchastkasini “Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionda sotish qismi boʻyicha:

elektron onlayn-auksion oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilish va lot toʻgʻrisidagi maʼlumotni joylashtirish auksion boshlanishidan 15 kalendar kun oldin amalga oshiriladi, elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish muddati u oʻtkaziladigan kundan oldingi kuni soat 24:00 da yakunlanadi;

elektron onlayn-auksion oʻtkazilmagan deb topilganda, yer uchastkasining boshlangʻich narxini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlarining auksion gʻolibi nomiga yer uchastkasini ajratish boʻyicha qaror qabul qilishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi;

yer uchastkasining narxi toʻliq toʻlangandan soʻng elektron onlayn-auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma auksion gʻolibi nomiga yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun “Davergeodezkadastr” organlariga, shuningdek, auksion gʻolibiga investitsiya majburiyatlarini bajarish tarmoq jadvalini berish uchun tuman (shahar) hokimligiga elektron shaklda yuboriladi;

yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bayonnoma olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi va tegishli tartibda auksion gʻolibiga yuboriladi;

investitsiya majburiyatlarini bajarish tarmoq jadvali tuman (shahar) hokimligi tomonidan besh ish kuni mobaynida tayyorlanadi va auksion gʻolibiga topshiriladi;

yer uchastkasining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming barobaridan ortiq boʻlsa, auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh bank kunidan kechiktirmasdan elektron onlayn-auksion davomida belgilangan narxning ellik foizi miqdorida avans toʻlovi kiritilishiga ruxsat etiladi. Zakalat kiritilayotgan avans toʻlovi hisobiga qabul qilinadi. Qolgan summa elektron onlayn-auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kundan kechiktirmasdan kiritiladi;

yer uchastkasi elektron onlayn-auksionda ikki oy mobaynida sotilmagan taqdirda, manfaatdor shaxslarning arizasiga koʻra yer uchastkasi “Davergeodezkadastr” organlari tomonidan qayta kelishilmasdan birlashtirilishi yoki alohida qismlarga ajratilishi mumkin. Zaruratga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan birlashtirilgan yoki ajratilgan yer uchastkalarida qurilishi taqiqlangan obyektlar turlari roʻyxati yangilanadi;

g) arxitektura va qurilish ishlarini amalga oshirish qismi boʻyicha:

qurilish obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini majburiy ekspertiza qilish talab etilmaydi, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bundan mustasno;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining boʻlinmalari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishish hamda obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyihaviy yechimlarini ekspertiza qilish bir vaqtda amalga oshiriladi;

loyiha tashkilotlari tomonidan (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tashkilotlaridan tashqari) ishlab chiqilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish qurilish organlari tomonidan bino, inshoot va boshqa obyektlarning qurilish loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayoni bilan bir vaqtda amalga oshiriladi;

bino va inshootlarning kadastr yigʻma jildini tayyorlash ularni foydalanishga qabul qilishga qadar Davlat xizmatlari markazlariga berilgan arizalarga asosan amalga oshiriladi. Qabul qilish yakunlanganidan soʻng Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan koʻchirma beriladi.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

auksion gʻolibi yoki yer uchastkasiga nisbatan huquqqa ega boʻlgan shaxsning aybi boʻlmagan taqdirda, maʼmuriy tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun elektron onlayn-auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomani bekor qilish yoki oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari tomonidan har chorakda yer uchastkasiga nisbatan investitsiya majburiyatlari bajarilishi monitoringi amalga oshirilib, natijalari zarur hollarda tegishli choralar koʻrish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboriladi.

4. Belgilansinki, ushbu qarorning 2-bandida belgilangan tartibning buzilishi davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi qonunchilikning buzilishi deb hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishga oid qonunchilikka soʻzsiz rioya etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin hamda qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻygan aybdor shaxslarga nisbatan taʼsirchan javobgarlik choralarini qoʻllasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi 2019-yil 1-oktyabrga qadar tadbirkorlik faoliyati uchun berilishi mumkin boʻlmagan hududlar koordinatalarini koʻrsatgan holda elektron xaritalarni “Davergeodezkadastr” qoʻmitasiga taqdim etsin va kelgusida uni har oyda yangilab borsin.

6. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi elektron xaritani shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi huzuridagi “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasining uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida oʻrnatilgan tartibda yer uchastkalari ustidan majburiy nazorat uchib oʻtishlar amalga oshirilishini taʼminlasin.

7. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi 2020-yil 1-martga qadar:

tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish boʻyicha “YER AUKSION” elektron savdo maydonchasini ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda yer uchastkalarini sotish jarayonlarining “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasidan “YER AUKSION” elektron savdo maydonchasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Davlat xizmatlari markazlarida jismoniy shaxslarga faqatgina “Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionda ishtirok etish maqsadida bepul asosda foydalanish imkonini beruvchi Internet tarmogʻiga ulangan kompyuter vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalarni tayyorlasin;

“Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionda ishtirok etish tartibi va qoidalarini yoritib beruvchi tarqatma axborot materiallarini ishlab chiqsin va Davlat xizmatlari markazlarining maxsus xonalarini ular bilan jihozlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Davlat xizmatlari markazlarining maxsus xonalarini kompyuterlar va zarur mebellar bilan taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga elektron onlayn-auksionga qoʻyilgan yer uchastkalari haqidagi maʼlumotlarni hududiy teleradiokanallarda translyatsiya qilish uchun belgilangan tartibda efir vaqtini ajratish tavsiya etilsin.

“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi ommaviy axborot vositalarining soʻroviga asosan elektron onlayn-auksionga qoʻyilgan yer uchastkalari haqidagi maʼlumotlarni taqdim qilsin.

10. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda “YERELEKTRON” AAT va “Ye-IJRO AUKSION” savdo maydonchasining ishlashini takomillashtirish choralarini koʻrsin, bunda quyidagi imkoniyatlar nazarda tutilsin:

barcha manfaatdor shaxslar, shu jumladan, uchinchi shaxslar tomonidan Internet tarmogʻi orqali kirish;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkalari haqidagi maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish jarayonini kuzatish;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan mansabdor shaxslarning harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;

elektron onlayn-auksionning nohalol ishtirokchilari, jumladan, yer uchastkasi bahosining toʻliq toʻlanishini ketma-ket ikki marta taʼminlamagan ishtirokchilarning roʻyxatini shakllantirish hamda ularni keyingi elektron onlayn-auksionga vaqtinchalik qoʻymaslik;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligiga materiallarni tayyorlash va kelishish jarayonini masofadan turib har haftalik monitoring qilish, shuningdek, yer uchastkasi materiallarini kelishishda vakolatli tashkilotlarning rad etishi qonuniyligini oʻrganish maqsadida tizimga kirish imkoniyatini berish.

11. Davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi vakolatli organlar (keyingi oʻrinlarda – vakolatli organlar) davlat kadastri geoaxborot tizimlarini tayyorlash ishlarini tezlashtirsin hamda har oyda kadastr obyektlari toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni “Davergeodezkadastr” qoʻmitasiga taqdim etib borsin.

“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi raisi mazkur band ijrosini taʼminlamagan yoki lozim darajada taʼminlamagan vakolatli organlarning rahbarlarini javobgarlikka tortish haqidagi masalani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakolatli organlarning asoslantirilgan hisob-kitoblariga koʻra davlat kadastrini yuritish uchun Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:

oʻz vaqtida oʻzlashtirilmagan yer uchastkalarini ishlatilmayotgan obyektlarga tenglashtirish haqidagi takliflarni;

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahririni, shuningdek, qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yer uchastkalarini ushbu qarorga muvofiq berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti                                                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 26-avgust

 

O’zA