O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda karantindagi zararli organizmlar O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni ta’minlash, shuningdek, o‘simlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunday sharoitda xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalligi, begona o‘tlardan respublika hududining ishonchli himoyasini ta’minlovchi ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlarning ahvolini o‘rganish fitosanitar xavfsizlikni to‘laqonli ta’minlashga hamda chet el mamlakatlari, kompaniya va korporatsiyalar bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirishga, eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini aniqladi.

O‘simliklar karantini sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro normalar va qoidalarga muvofiqlashtirish yuzasidan faol ishlar olib borilmayapti, buning natijasida xorijiy hamkorlar tomonidan mahalliy mahsulotlarning o‘rnatilgan standartlarga muvofiq emasligi
o‘z davlatlarining bozorlariga olib kirilishini rad etish holatlari qayd etilmoqda hamda chet eldan moliyaviy va grant mablag‘larini jalb etish jarayoni murakkablashmoqda.

Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga jo‘natiladigan hamda karantin zararkunandalari, o‘simliklar kasalliklari, begona o‘tlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan chet davlatlardan olib kiriladigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalar mavjud emas.

O‘simliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish ko‘nikmalari oshirilishi ta’minlanmayapti.

O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati bo‘linmalarining zaif moddiy-texnik ta’minoti, ulardagi xodimlar, ayniqsa, joylarda ishlovchilarning karantin tadbirlarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar bilan ta’minlanmagani hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy ta’minoti yetarli darajada bo‘lmaganligi o‘zlariga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali va sifatli bajarish imkonini bermaydi.

O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, mamlakatda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash sohasida davlat nazoratining yaxlit tizimini yaratish maqsadida hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. O‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi idoralararo ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:

o‘simliklar karantini sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish;

O‘zbekiston Respublikasining o‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalarga, shu jumladan O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro Konvensiyaga (Rim, 1951 yil) qo‘shilishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining o‘simliklar karantini sohasidagi barcha xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash yuzasidan takliflar tayyorlash;

xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan (Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Tailand Qirolligi, Yaponiya, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya Respublikasi, Bangladesh, Hindiston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi va boshqalar) o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqish, shu jumladan bunday bitimlar loyihalarini tayyorlash.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Inspeksiya) tuzilmasida quyidagilar tashkil etilsin:

Xalqaro aloqalar, investitsiyalar va innovatsion rivojlanish boshqarmasi;

O‘simliklar karantini xizmati bo‘yicha fitosanitar xavfni prognozlashtirish va tahlil qilish boshqarmasi;

ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘limi negizida Ichki va tashqi o‘simliklar karantini boshqarmasi;

O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi;

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi.

3. Inspeksiya va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Inspeksiyaning O‘simliklar karantini tizimini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Inspeksiyaga qo‘shimcha 176 shtat birligini, shu jumladan 121 o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlarini, 55 avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 38 nafardan iborat bo‘lgan, shundan qo‘shimcha joriy etilayotgan 18 nafari 2018-yilda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan, 2019-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan markaziy apparati tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi va xodimlarning cheklangan soni, shuningdek, avtomobil yo‘llaridagi, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt ro‘yxati 4-6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Inspeksiya boshlig‘iga quyidagi huquq berilsin:

zarur hollarda Inspeksiyaning markaziy apparati, o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari va uning tarkibiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Inspeksiya xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

Inspeksiya boshlig‘i va o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari boshliqlari lavozimiga ko‘ra tegishlicha O‘simliklar karantini bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘simliklar karantini bo‘yicha bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar;

o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlari xizmat majburiyatlarini bajarishda maxsus formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarini kiyib yuradilar;

inspektorlarni formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilar bilan ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarning namunalarini tasdiqlasin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘simliklarning agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan o‘simliklar klinikasi tashkil etilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Inspeksiya, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘simliklar klinikasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ko‘rsin.

8. 2018-2020 yillarda O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Jamg‘arma mablag‘lari belgilansin.

Inspeksiya, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Inspeksiya Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda karantin laboratoriyalarining tashkil qilinishini hamda ularning karantin tadbirlarini amalga oshirish uchun kerakli bo‘lgan barcha zarur laboratoriya uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

10. 2018-yilning 1-aprelidan Inspeksiya va o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan kelib tushadigan davlat boji va yig‘imi ko‘rinishidagi tushumlar Jamg‘armaga 80 foiz miqdorida, shu jumladan Inspeksiya xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishiga Jamg‘armaga kelib tushadigan mablag‘larning 10 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdori yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.

2017-yilning 1-dekabridan 2018-yilning 1-apreligacha byudjetga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davlat boji va yig‘imi ko‘rinishidagi tushumlar Inspeksiya tomonidan 2018-yilning oxiriga qadar qoplanishi belgilansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Chora-tadbirlar dasturida ko‘rsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Inspeksiyaning asoslantirilgan buyurtmasi asosida Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan maqsadli yo‘naltiriladigan 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

12. Quyidagilar:

o‘simliklar klinikasi 2018-yilning 1-iyulidan 2022-yilning 1-yanvariga qadar yer solig‘i, yuridik shaxslarning daromad va mol-mulk solig‘idan hamda yagona soliq to‘lovlarini to‘lashdan;

2020-yilning 1-yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda mamlakatda karantin holatni yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoki yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asbob va priborlar, mashina va mexanizmlar, komputer va diagnostika texnikasi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilinsin.

13. 2018-yil 1-maydan o‘simliklar karantini bo‘yicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlariga, qonun hujjatlarida belgilangan ustama va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har chorak yakuni bo‘yicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Inspeksiya boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan faoliyatni baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi:

70 balldan 80 ballgacha to‘plagan inspektorlarga – lavozim maoshiga
50 foizgacha;

80 balldan 90 ballgacha to‘plagan inspektorlarga – lavozim maoshiga
100 foizgacha;

90 balldan 100 ballgacha to‘plagan inspektorlarga – lavozim maoshiga 150 foizgacha.

14. Inspeksiya, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Moliya vazirligining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida, uning Nukus va Termiz shaharlaridagi filiallarida, Andijon qishloq xo‘jaligi institutida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har uch yilda kamida bir marotaba o‘tkaziladigan Inspeksiya xodimlarini, birinchi navbatda tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi o‘simliklar karantini bo‘yicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

Toshkent davlat agrar universitetida o‘simliklar karantini va himoyasi kafedrasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2018-2020 yillarda o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati xodimlarini chet elda qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturini tasdiqlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3249-son qarorining 1 va 2-bandlari hamda uning 1, 2, 3, 3a, 3b va 4-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

17. Inspeksiya manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritsin:

o‘simliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishiga nisbatan ma’muriy javobgarlikni yanada kuchaytirish to‘g‘risida;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R.Inoyatov hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 28-mart