Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, taʼlim sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, innovatsion ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish orqali mamlakatda taʼlim tizimini isloh qilish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, professional taʼlim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashmaganligi, oʻquv jarayoniga Oʻzbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etilmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib oʻrin egallashlariga toʻsqinlik qilmoqda.

Professional taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida:

1. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (keyingi oʻrinlarda – Xalqaro tasniflagich) darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etilsin.

2. Quyidagilar:

Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi taʼlim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshlangʻich professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi taʼlim dasturlari asosida oʻrta professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi taʼlim dasturlari asosida oliy taʼlim tizimi bilan integratsiyalashgan oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan, oliy taʼlim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan taʼlim muassasalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Kasbga oʻqitish markazlarini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga oʻtkaziladigan kasb-hunar kollejlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

Oliy taʼlim muassasalari quvvatlarini oshirish, istiqbolda xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;

Oliy taʼlim muassasalarining koʻp tarmoqli oʻquv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;

Binolari umumiy oʻrta taʼlim muassasalari sifatida foydalaniladigan kasb-hunar kollejlari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda ushbu band bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalariga Xalqaro tasniflagich boʻyicha asosiy taʼlim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi;

b) tizimda mos ravishda boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi;

v) kasb-hunar maktablarida:

kadrlar tayyorlash umumtaʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshiriladi;

taʼlim olayotgan oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi. Bunda kasb-hunar maktablari oʻquvchilarni uch mahal ovqat bilan taʼminlash yoki mazkur ovqat pullarini ularga toʻlab berish huquqiga ega;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

g) kollejlarda:

kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3-darajasiga mos taʼlim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida taʼlim olish” prinsipi asosida kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, oʻquvchilarni davlat buyurtmasi va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

d) texnikumlarda:

kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3 yoki 4-darajasiga mos taʼlim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida taʼlim olish” prinsipi asosida kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar hisobidan shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, oʻquvchilarni davlat buyurtmasi va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

ye) kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar oʻquv-metodik rahbarlik qilish hamda bu sohada davlat siyosatini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-yanvardan yangi tashkil etiladigan boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalarining taʼminotiga, shu jumladan, ularning joriy saqlanishiga, faoliyatini yuritishiga, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga Davlat byudjeti parametrlari doirasida zarur moliyalashtirishni nazarda tutsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tugatilishi hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar professional taʼlim tizimini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda Milliy kvalifikatsiya tizimiga muvofiq Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorini qayta koʻrib chiqsin;

b) ilgʻor xorijiy tajribalar asosida:

uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida milliy kvalifikatsiya ramkasini;

2020-yil 1-yanvargacha iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun Kvalifikatsion ramkalarni;

2020-yil 1-aprelgacha Milliy professional standartlarni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

a) quyidagilarni:

ikki oy muddatda Uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni;

uch oy muddatda kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarning namunaviy ustavlarini tasdiqlashni;

2020-yil 1-yanvargacha hududlarda investitsion loyihalar asosida yaratilayotgan ish oʻrinlari, kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlardan kelib chiqib, taʼlim muassasalarining ixtisoslashuvini inobatga olib, mavjud jihozlarni qayta taqsimlashni;

2020-yil 1-aprelgacha idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar professional taʼlim muassasalarining oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlim ustalarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yangi tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) 2020-yil 1-iyungacha boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi uchun taʼlim dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 6-sentyabr

 

O’zA