Umumeʼtirof etilgan xalqaro talab va standartlarga, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda oliy maʼlumotli malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Adju universitetining (Koreya Respublikasi) Toshkent shahrida Adju universitetini (keyingi oʻrinlarda – Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlari va oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
mutaxassislar, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini taʼlim va fan uzviyligi va uzluksizligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlim hamda ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalash asosida rivojlantirish;
mehnat bozorida mavjud muammo va ehtiyojni hisobga olgan holda qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, oʻqitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;
taʼlim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, avvalo, Koreya Respublikasining yetakchi taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Adju universiteti (Koreya Respublikasi):
Universitetning oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;
Universitetning mutaxassislari va professor-oʻqituvchilari tarkibining, shu jumladan, chet elda malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
Universitet kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-uslubiy va ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan toʻldirish, shuningdek, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) resurslar bazasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda zamonaviy axborot-resurs markazini tashkil etishga koʻmaklashadi.
4. Belgilansinki:
Universitet kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda oʻqitishning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan asosiy yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitet taʼlim faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Adju universitetining (Koreya Respublikasi) oʻquv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi;
Universitetda oʻqishni tamomlagan bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan Adju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Universitetni moliyalashtirish talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan texnik koʻmak mablagʻlari (grantlar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Universitetga 2019/2020 oʻquv yili uchun qabulni tashkil etish, shu jumladan, bino va inshootlarni oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha taʼmirlash-qurilish ishlari, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va moslashtirish, oʻquv va ilmiy laboratoriyalarni xarid qilish, oʻqitish boʻyicha zarur axborot-kommunikatsiya tizimlarini yaratish, shuningdek, professor-oʻqituvchilar tarkibini tanlab olish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2019/2020 va 2020/2021 oʻquv yillarida oʻqishga qabul qilingan talabalar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida tegishli taʼlim yoʻnalishlarida oʻqitish qiymati miqdoridan ortiq qismini toʻlab berish koʻrinishida davlat koʻmagi (keyingi oʻrinlarda – davlat koʻmagi) taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar – salohiyatli ish beruvchilar tomonidan toʻlanishi hollari bundan mustasno;
davlat koʻmagi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi boʻyicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.
6. Toshkent shahridagi Adju universiteti Vasiylik kengashining (keyingi oʻrinlarda – Vasiylik kengashi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Universitet faoliyatining tashkil etilishini taʼminlash, uning toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy, moliyaviy, yuridik, iqtisodiy, oʻquv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;
Universitet faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha Adju universiteti (Koreya Respublikasi) rahbariyati bilan muzokaralar olib borish va oʻzaro hamkorlik qilish;
zarur loyiha, qurilish-montaj va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, Universitetni jihozlash, infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik taʼminlashga doir grafiklarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Universitet faoliyatini tashkil etish boʻyicha tasdiqlangan grafiklarda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat va monitoring olib borish;
taʼlim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini tizimli ravishda oshirish, Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining keyingi rivojini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashda koʻmaklashish;
Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib 2019/2020 oʻquv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish kvotalarini va oʻqish uchun kontrakt summasini belgilash;
Universitet faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash uchun xayriya mablagʻlari, texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarni) va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;
Universitetning moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, Universitetning ijtimoiy va maishiy infratuzilmasini yaxshilashga koʻmaklashish;
talabalarni, eng avvalo, yetim bolalardan va ota-ona vasiyligisiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash, iqtidorli talabalarni oʻqitish uchun stipendiyalar ajratish, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning yashash joylarida boʻsh vaqtlarini foydali tashkil etish, shuningdek, talabalarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
maxsus stipendiyalar berish orqali Adju universitetiga (Koreya Respublikasi) va sohaga ixtisoslashgan xorijdagi boshqa yetakchi taʼlim muassasalariga stajirovka oʻtashga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish.
7. Vasiylik kengashi Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda:
a) bir oy muddatda:
Universitet Ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Universitetning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlasin;
b) 2019/2020 oʻquv yili boshlanguniga qadar Universitetni Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatuvchi oliy taʼlim muassasalarida foydalaniladigan zarur oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
va Adju universitetining (Koreya Respublikasi):
Universitetda 2019/2020 oʻquv yilida bakalavriatning “Arxitektura”, “Elektrotexnika” va “Qurilish injiniringi” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Adju universitetining (Koreya Respublikasi) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Iqtisodiyot va biznes oliy maktabini ochish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Universitetga:
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini, shu jumladan, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) standartlari asosida koʻp tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini belgilangan tartibda ochish;
Universitetga oʻqituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va oʻqituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha haq toʻlashga ruxsat berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda Toshkent shahrida joylashgan kasb-hunar kollejlaridan birining bino va inshootlarini Universitetga bepul foydalanish uchun berilishini taʼminlasin.
11. Universitet 2021-yil 1-dekabrga qadar muddatga Universitetni jihozlash va faoliyatini taʼminlash, shuningdek, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan uskunalar, kompyuter va orgtexnikalar, oʻqitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan Universitetning xorijiy professor-oʻqituvchilari va maʼmuriy xodimlariga hamda ularning oila aʼzolariga davlat bojlari toʻlashdan ozod etgan holda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A.Abduhakimov va J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 30-noyabr