O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021 yil 20 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida:
1. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘ining stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish;
2022 yil 1 yanvardan boshlab sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini ikki baravar kamaytirgan holda 22 500 so‘m miqdorda belgilash haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 31 avgust