“O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–128-son, 14.02.2022 y.) qabul qilindi

Qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

2023 yil 1 yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi. Bu haqda Huquqiy axborotkanali xabar berdi.

Inspeksiyada byudjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun Qurilish ob’ektlarida nazorat o‘lchovini amalga oshirish boshqarmasi (40 ta shtat birligidan iborat) tashkil etiladi.

2022 yil 1 apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot to‘lanadi.

2022 yil 1 noyabrgacha Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

2022 yil 1 noyabrdan Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi.