Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Merfi boshchiligidagi missiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev YeXHT DIIHB bilan hamkorlik samarali rivojlanib borayotgani va o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidladi. Xalqaro kuzatuvchilarga joriy yil bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.

– YeXHT DIIHBning 2019 yilgi parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi yakuniy hisobotida O‘zbekistonda saylovlar jarayonini takomillashtirish bo‘yicha 32 ta tavsiya taqdim etgan edi. Ushbu tavsiyalarni tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish uchun bir qator tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunga kelib yakuniy hisobotda qayd etilgan 32 tavsiyaning 18 tasi to‘la qabul qilindi, 3 tasi qisman qabul qilindi, 8 tasi ko‘rib chiqilmoqda. Ta’kidlash joizki, iyundan sentyabrgacha har oy o‘quv- seminarlar o‘tkazilib, ularda uchastka saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotibi lavozimlariga 32 ming 496 nomzod qamrab olindi. 15-18 sentyabr kunlari uchastka saylov komissiyalarining boshqa barcha a’zolarini o‘qitish rejalashtirilgan, – dedi Z.Nizomxo‘jayev.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun 21 ta xalqaro tashkilotga, jumladan, YeXHTning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi, Mustaqil Davlatlar  Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, SHHT, IHT, Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasiga, 27 ta xorijiy mamlakatlar saylov organlari va 47 ta davlatdan 223 nafar kuzatuvchilarga taklifnomalar yuborildi.

Missiya vakillari O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, ularning saylovlarni demokratik asoslarda tashkil etishdagi roli bilan tanishtirildi.

O‘z navbatida, SKM rahbari O.Merfi o‘z so‘zida missiyaning asosiy vazifalari, ishlash metodologiyasi, missiya tarkibi haqida ma’lumotlar berib o‘tdi. Byuroning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.

– Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning asosiy guruhi, ya’ni 11 nafar kuzatuvchi kecha, 14 sentyabrda O‘zbekistonga yetib keldi va keyingi hafta 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi yetib kelishi kutilmoqda. Ushbu kuzatuvchilar O‘zbekiston hududi bo‘ylab barcha saylov jarayonlarini kuzatib boradi. Shuningdek, saylov kunidan taxminan bir-ikki kun oldin 250 nafar kuzatuvchi O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Taxminan uch haftadan keyin biz birinchi hisobotimizni elon qilamiz. Unda qilinayotgan ishlar haqidagi aniq ma’lumotlarni beramiz, – dedi Ouen Merfi.

O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan uzoq muddatli kuzatuvchilarning faoliyati DIIHBga mintaqalardagi kuzatuv natijalarini inobatga olgan holda saylov jarayoni haqida to‘laligicha hisobot tuzish imkonini beradi. Qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, shuningdek, o‘z xulosalari haqida aniq va to‘laligicha missiyaning bosh qarorgohiga xabar berishdan iboratdir.

Uchrashuv so‘nggida DIIHB YeXHTning SKM vakillaridan 12 nafariga xalqaro kuzatuvchi mandatlari topshirildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA