O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi:
fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
xodimlar sonini yashirish.
2025 yil 1 martdan boshlab sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarga davlat bojini quyidagi miqdorlarda qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
birinchi instansiya sudida -to‘langan davlat bojining 70 foizi;
apellyatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlar bo‘yicha sudda – to‘langan davlat bojining 30 foizi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalari asosida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi;
xavf darajasi o‘rta va yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi yoki tekshiruv o‘tkazilishi mumkin;
aniq fakt va hollar bo‘yicha fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etishga qaratilgan tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalaridan qati nazar o‘tkazilishi mumkin;
soliq va bojxona organlari tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq yuritiladi;
profilaktika tadbirlari doirasida amaldagi profilaktika shakllariga qo‘shimcha ravishda Biznes-ombudsman va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan namunadagi cheklist to‘ldirilishi natijalari bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonun buzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashiladi.
O‘zA