Hurmatli hamkasblar!

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Global va mintaqaviy tahdidlar, iqtisodiyotdagi beqarorlik va jahon bozorlaridagi o‘zgaruvchanlikning kuchayishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirishning yangi yo‘llarini yanada faol izlashni taqozo etmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida YeOII bilan 22 yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilda Ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashimiz 11 foiz o‘sdi.

Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan yangi uch yillik rejani qabul qildik, unga savdo, sanoat, moliya sektori, agromajmua, transport va boshqa sohalarda qirqtaga yaqin aniq chora-tadbirlar kiritildi.

Shuningdek, biz savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi tarmoq dasturlarida faol ishtirok etish niyatidamiz.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Hukumati qo‘shma Ishchi guruhining navbatdagi, to‘rtinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu uchrashuvni kelgusi yil mart oyida O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qarashlarimizni qisqacha bayon etmoqchiman.

Birinchi. Bu savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

O‘zbekiston va EOII o‘rtasida savdoda tarif va notarif cheklovlarni o‘zaro qo‘llamaslik to‘g‘risidagi bitimni imzolash masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yaqin vaqt ichida amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyormiz.

Ikkinchi. O‘zbekistonning imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda ishtirok etishi ham savdo amaliyotlarini kengaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

Mamlakatlarimizning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron almashish bo‘yicha bitimlarni kelishishni jadallashtirish muhim ahamiyatga ega.

Uchinchi. Birlashma doirasida boshlangan sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo‘shilishdan manfaatdormiz.

Bundan tashqari, qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz.

To‘rtinchisi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.

O‘zbekistonni YeOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Raqamli ittifoq” loyihasiga ulash masalalarini birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz.

Beshinchi. Agrar sohada kooperatsiya dasturini tayyorlash tarafdorimiz. Gap qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozorlarimizga o‘zaro kirib borishini yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or ilmiy ishlanmalarni joriy etish chora-tadbirlari haqida bormoqda.

Oltinchi. Sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti davlatlari fuqarolariga mamlakatimizga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etish niyatidamiz.

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekiston mavjud salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida YeOII bo‘yicha sheriklar bilan yaqin va samarali hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Aleksandr Grigorevich Lukashenkoni tashkilotga raislik Belarusga o‘tishi munosabati bilan tabriklayman va unga muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchangizni, qardosh xalqlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabriklab, farovonlik va ravnaq tilayman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.