Markaziy saylov komissiyasining bugun bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan 9 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Xo‘sh, ushbu xalqaro tashkilotning asosiy vazifasi nimalardan iborat?
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini Byuroning to‘laqonli missiyasi, ya’ni tarkibida asosiy guruh (10-15 nafar ekspert), 28 ta uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar orqali monitoring qilish to‘g‘risida xulosa qilingan.
Shuni qayd etish lozimki, DIIHBning saylovlarni kuzatuvchi missiyasi bu – Byuroning ushbu sohadagi faoliyatining eng keng qamrovli shaklidir. Missiya saylovning o‘tkazilishini uning YeXHT majburiyatlariga, demokratik saylovlarning boshqa xalqaro standartlariga, shuningdek, milliy qonun hujjatlari qoidalariga mosligi nuqtai nazaridan baholaydi. Bundan tashqari, missiya saylovlarni o‘tkazish sohasini yaxshilashga doir aniq tavsiyalarni taklif etadi.
Missiya tarkibiga ekspertlarning asosiy guruhi, shuningdek, uzoq muddatli kuzatuvchilar va qisqa muddatli kuzatuvchilar kiradi. DIIHBning saylovlarni kuzatish uslubiyatlariga muvofiq, odatda SKM ovoz berish kunidan 6–8 hafta oldin ishga kirishadi va saylov jarayonining barcha jihatlarini kuzatib boradi.
Bunday jihatlar jumlasiga qonunchilik bazasi, nomzodlar va saylovchilarni ro‘yxatga olish tizimi, saylov kampaniyasining borishi, ommaviy axborot vositalarining roli (OAVning keng qamrovli monitoringini qo‘shgan holda), saylov okruglarining ishi, saylov bilan bog‘liq nizolarning hal etilishi, ayollar va milliy ozchiliklarning ishtiroki, ovoz berish, ovozlarni hisoblash va saylov kuni natijalarni ishlovdan o‘tkazish jarayoni, shuningdek, saylovdan keyin berilgan shikoyatlar va apellyatsiyalarni qabul qilish hamda ko‘rib chiqish kiradi.
Saylov kunigacha SKM oraliq hisobotni e’lon qiladi, saylov kunidan keyin darhol odatda o‘zi bilan saylovni kuzatuvchi missiyani tashkil etgan hamkor tashkilot (yoki tashkilotlar) bilan birgalikda tayyorlangan dastlabki xulosalar to‘g‘risidagi bayonotni e’lon qiladi. To‘liq yakuniy hisobot mazkur saylov jarayoni tugaganidan taxminan ikki oy keyin e’lon qilinadi. Yakuniy hisobot saylovlarni o‘tkazish jarayonini takomillashtirish yuzasidan muayyan tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Saylovlarni kuzatish missiyasining (SKM) asosiy guruhi nima bilan shug‘ullanadi?
Birinchidan, matbuot uchun ushbu SKM faoliyati boshlanganligi to‘g‘risida e’lon qilib, bayonot chop etadi. Ko‘pchilik hollarda missiya rahbari matbuot anjumani o‘tkazadi.
Ikkinchidan, saylov kampaniyasini monitoring qiladi va baholaydi. Saylovlarga tayyorgarlik qilish jarayonlarini kuzatib boradi. Bu borada davlat organlari, saylovni o‘tkazuvchi organlar, siyosiy partiyalar, nomzodlar, fuqarolik jamiyati, shunigdek, kuzatuvchilarning boshqa guruhlari, mahalliy diplomatik hamjamiyat va xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatadi.
Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va normativ huquqiy hujjatlarni, shuningdek, saylovlarga aloqador boshqa qonunlarni o‘rganadi. Saylov kompaniyasini YeXHT majburiyatlari, boshqa xalqaro standartlar va milliy qonun hujjatlari nuqtai nazaridan baholaydi. Siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati guruhlari yoki ekspertlar va boshqa daxldor tashkilotlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA