O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva 25 avgust kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakalani qabul qildi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, shuningdek, ta’lim va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish holati va istiqbollari muhokama qilindi.

“Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston” parlament hamkorlik qo‘mitasi doirasida samarali aloqalarni davom ettirish muhimligi ham qayd etildi. Ta’kidlash kerak, uning 15-majlisi 2021 yilning noyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Teri Xakala O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Bu esa o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich hisoblanadi.

Yig‘ilishda tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha ishlar yakunlanishidan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, bo‘lajak tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari alohida ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy siyosat bilan bog‘liq vaziyatlar yuzasidan fikr almashildi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri