Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish masalasi haqida ham so‘zladi.

– Meni doimo o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala, bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasi bilan bog‘liq.

Biz bu yo‘nalishda katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ammo ularning samaradorligini yanada kuchaytirish uchun quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor berishimiz zarur.

Birinchidan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Farzandlarimizga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda mualliflar uchun birinchi o‘ringa – 100 million so‘m, ikkinchi o‘ringa – 75 million so‘m, uchinchi o‘ringa – 50 million so‘m mukofot beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.