Kuni kecha nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz uchun quvonchli muhim tarixiy voqeylik yuz berdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

Prezidentimizning ushbu tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, dunyoning 60 ga yaqin davlati mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etganini alohida qayd etish joiz. Ushbu tashabbusning jahon hamjamiyati tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanishi o‘zbek diplomatiyasi yutuqlarining yaqqol namunasidir.

Shubhasiz, Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda, jahon hamjamiyati tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyaning ma’qullanishi kelgusidagi ishlarni yangi bosiqichga olib chiqishda muhim platforma bo‘ladi.

Rezolyutsiyaning qabul qilinishi, avvalo, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

 

Boriy Alixonov,

Oliy Majlis Senatining

Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi