Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 28 aprel kuni ushbu delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistonda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan va buning natijasida yangi O‘zbekiston qiyofasi shakllanayotgan paytga to‘g‘ri kelgani qayd etildi.
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish va ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.
O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarning yana bir yorqin misoli sifatida mamlakatimiz 2020 yil oktyabr oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanganini keltirish mumkin.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi. Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Delegatsiya a’zolari shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev bilan uchrashdi.
Muloqotda tomonlar 2019 yilgi parlament saylovlari yakunlari bo‘yicha DIIHB tavsiyalarini amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.
Yakuniy hisobotda o‘z ifodasini topgan tavsiyalarni tahlil etish, o‘z vaqtida umumlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotda qo‘llash, milliy qonunchilikka tegishli tavsiyalarni implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha qator tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar ko‘rilgani qayd etildi.
Joriy yil 8 fevralda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari ijrosi yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan bir qator qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Yana bir muhim jihat – DIIHB tavsiyalarini inobatga olgan holda, Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani ta’kidlandi.
Bu yil mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylovni prinsipial jihatdan yangi siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tkazish mamlakatimiz barqaror va izchil rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omilidir.
Bo‘lajak saylovda xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi ushbu muhim siyosiy tadbirning umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar va huquqiy normalarga muvofiq o‘tkazilishiga xizmat qiladi.
Uchrashuvda YeXHT DIIHB direktori M.Mekachchi saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, O‘zbekistonga saylov jarayonini yanada takomillashtirishda ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.
S.RAHIMOV, O‘zA