O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev shu yil 22 mart kuni 88 yoshida vafot etdi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932 yil 17 dekabrda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ildi. 1955 yil Toshkent davlat universitetini tamomladi.
U o‘zining mehnat faoliyatini 1955 yilda o‘rta maktabda o‘qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik “Toshkent haqiqati”, “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetalarida adabiy xodim, “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, respublika yoshlar nashriyoti, “Gulxan” va “Yosh kuch” jurnallarida bosh muharrir lavozimlarida samarali mehnat qilib, milliy adabiyotimiz va matbuotimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdi. Keyinchalik respublika “Iste’dod” jamg‘armasi hamda “Oltin meros” xalqaro xayriya fondining rahbari vazifalarida faoliyat olib bordi.
Katta bilim va tajribaga ega murabbiy adib sifatida uzoq yillar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bolalarga mo‘ljallangan “O‘yla, izla, top!” dasturiga boshchilik qildi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘zining chuqur tarbiyaviy ahamiyatga ega badiiy yuksak ijodi bilan o‘zbek bolalar adabiyotining zabardast namoyandasiga aylandi.
Iste’dodli adib oltmish yildan ziyod davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida “Shoshqaloq”, “So‘qmoqlar”, “Muhabbat qo‘shig‘i”, “Jonginam, shartingni ayt” singari hikoyalar to‘plamlari, “Sir ochildi”, “Omonboy bilan Davronboy sarguzashti” qissalari hamda “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yo‘llar”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Mungli ko‘zlar”, “Jannati odamlar”, “Qiz talashgan o‘smirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang” romanlarini yaratdi.
Ayniqsa, yozuvchining “Sariq devni minib” romani yurtimiz va dunyo miqyosida juda katta shuhrat qozondi. Mazkur asar qirqdan ziyod xorijiy tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxalarda chop etilgan.
Mustaqillik yillarida adibning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon bo‘ldi. U yosh avlod vakillarini yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratish bilan bir qatorda, jamiyatimizda adabiyot va kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga ham munosib hissa qo‘shdi.
U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida ko‘plab yosh iste’dod egalariga ustozlik qildi.
Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zbek adabiyoti va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Atoqli yozuvchi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Xudoyberdi To‘xtaboyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, I.G‘afurov