Mustahkam oila sirlari

Ruhshunos va olimlarning fikricha, turmush qurish uchun eng maqbul yosh qizlar uchun 22-25, o‘g‘il bolalar uchun esa 24-30 yosh ekan. Bu yoshga borib inson shaxs sifatida rivojlangan bo‘ladi. Turmush qurish masalasiga mas’uliyat bilan qaraladi va bu yoshda qurilgan oilalar mustahkam bo‘ladi.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ilk marotaba yoshlarga, xususan, yosh oilalarga amaliy ko‘mak berish maqsadida «Mustahkam oila sari» shiori ostida o‘tkazilgan yosh oilalar forumida ana shular haqida so‘z bordi.

Tadbirda yoshlar o‘rtasida oila muqaddasligini targ‘ib etish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, oilani rejalashtirish, yosh oilalardagi ajrim holatlarining oldini olish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, farzand tarbiyasida otalarning o‘rni kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

10.JPG

Forumda malakali psixologlar, taniqli san’atkorlar, madaniyat xodimlari, shifokorlar, huquqshunoslar, yosh oilalar, oila qurish arafasida turgan yoshlar qatnashdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari D.Kattaxonova va boshqalar oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani va mamlakatimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

4.JPG

Ammo, afsuski, jamiyatimizda oila va nikoh sohasida o‘ta dolzarb, og‘riqli bo‘lgan muammolar – turmush qurgan yoshlar orasida hayotni yengil-elpi tasavvur qilish, yosh oilalar o‘rtasida arzimagan sabablar bilan ajrashish hollari uchrab turibdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 15-iyundagi «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzuidagi anjumanda bu kabi ko‘ngilsiz holatlar natijasida begunoh bolalar yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolayotganini qat’iy tanqid qilib, ushbu dolzarb muammoga e’tibor qaratgan edi.

Tadbirda ana shunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Mutaxassislarning fikricha, erta nikoh – 18-20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning turmush qurishi natijasida tuzilgan oilalarning har uchtadan biri turmush qiyinchiliklariga bardosh berolmay, oilani moddiy ta’minlashga qurbi yetmay va oqibatda kelib chiqqan oilaviy nizolar tufayli ajrashib ketmoqda.

Forum doirasida «O‘zingni angla» psixologik xizmat ko‘rsatish markazi direktori Zamira Azimova, Psixologlar assotsiatsiyasi psixologi Viloyat Davletova tomonidan ommaviy hamda individual suhbatlar tashkil etildi. San’atkorlar Shuhrat Qayumov, Gavhar Zokirova, Ra’no Shodiyevaning oilaviy muammolarga to‘g‘ri yondashuv hamda qiz farzand tarbiyasida otalarning o‘rni xususidagi fikrlari tinglandi. Shifokor va huquqshunoslar oilaviy hayot bilan bog‘liq dolzarb masalalarga o‘zlarining munosabatini bildirdi.

Forum doirasida mavzuga oid mahorat darslari ham tashkil etildi.

 

Mohigul Qosimova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA