Tekin davolanish uchun qanday hujjatlar zarur?

Prezidentimizning 2017- yil 12 sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy-maishiy ahvoli o‘rganildi, uy-joy va maishiy texnika bilan ta’minlash, yashash joyini ta’mirlash, tibbiy xizmat borasida amaliy yordamga muhtoj oilalar aniqlandi. 

Ushbu toifadagi oilalar ro‘yxati viloyatlar hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tasdiqlanib, 2017-2018- yillarda aholining nochor toifalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqildi.

Namangan viloyatida ham mazkur dastur asosida kam ta’minlangan oilalarning bemor a’zolari, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni davolash, dori-darmon bilan ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘yicha tashkil etilgan dastlabki tadbirda Qirg‘izqo‘rg‘on qishlog‘ining Bahor bog‘i mahallasida istiqomat qiluvchi Mohira Toshpo‘latovaga viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga yordam ko‘rsatildi.

10.jpg

– 2002- yildan buyon buyragim bezovta qiladi, – deydi M.Toshpo‘latova. – 2008- yilda operatsiya qilishdi. Biroq, butunlay sog‘ayib ketmadim. Muntazam davolanib yurish, zarur dori-darmonlar sotib olish esa qiyin. Kuni kecha ikkinchi bor jarrohlik stoliga yotdim. Ammo bu safar barcha xarajatlar davlatimiz tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi. Hozir o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman.

Qo‘shqayrag‘och mahallasida yashovchi O‘ktamxon Ergashevaning o‘g‘lining tok urishi natijasida kuygan ikki qo‘li barmoqlari kesib tashlangan. Biroq, ikki yildan buyon bolaning jarohati tuzalmagan. Unga Toshkentdagi klinikada davolanish uchun davlat hisobidan pul o‘tkazib beriladigan bo‘ldi.

6.jpg

– Biz singari ehtiyojmand oilalarga, bemorlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimizga barcha onalar nomidan minnatdorlik bildiraman, – deydi O‘ktamxon Ergasheva. – Ilohim, yurtimiz hamisha tinch bo‘lsin, yaxshi odamlar ko‘payaversin.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur ijtimoiy tadbirda Namangan viloyati bo‘yicha jami 72 nafar kam ta’minlangan va malakali tibbiy xizmatga muhtoj yurtdoshimizga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, klinikalarda davolanishi, dori-darmon bilan ta’minlanishi uchun davlat byudjetidan jami 288 million so‘m mablag‘ ajratilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi kengashining Namangan viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Abbos Mamadaliyev. – Ularga davolovchi shifokor xulosasi, retsepti, poliklinika yo‘llanmasi asosida davolanishi yoki dori-darmon sotib olishi uchun tegishli tibbiyot muassasasi yoxud dorixona hisob raqamiga shartnoma asosida pul o‘tkazib beriladi. Ishchi guruhi tomonidan aniqlangan shunday bemorlarning 40 nafari respublika miqyosidagi shifo maskanlarida davolanish bo‘yicha o‘zaro shartnoma tuzgan.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida uy-joyga muhtoj, maishiy sharoiti og‘ir, boquvchisini yo‘qotgan va nogiron oila a’zolarini parvarishlayotgan ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, yashash joyini ta’mirlash, kasalmand oila a’zolari salomatligini tiklash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan amaliy yordam xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-muruvvat va saxovatning amaldagi ifodasidir.

 

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA