Prezident oqoltinliklar bilan suhbatlashdi

Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasini borib koʻrdi.

Bu yerda 130 ta kottej taʼmirlanib, kommunikatsiya tarmoqlari tiklangan. Yangi mahalla guzari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kutubxona, sport majmuasi, ichki yoʻllar qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi. Aholi bilan suhbatlashdi.

– Bu yerga kelganimda vaziyat juda achinarli edi. Bu mening uyim, jigarlarim, farzandlarim, deb yuragimdan oʻtkazdim. Pul topish, tashkil qilish oson boʻlgani yoʻq. Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi. Bu uylar sizlarga buyursin. Endi bu obodlikni asrab, yaxshi yashab, yaxshi toʻylar qilinglar. Oʻzi mening eng katta maqsadim – yoshlarni baxtli koʻrish, – dedi davlatimiz rahbari.

Mahallada “Nafis liboslar” tikuvchilik korxonasi ham tashkil etildi. Unda 50 nafardan ziyod xotin-qiz ish boshladi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

– Xotin-qizlarga eʼtiborni yana-da kuchaytiramiz. Ayolni rozi qilolsak, jamiyatimiz fayzli boʻladi, hamma rejalarimizni amalga oshira olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxona kelgusi yili toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga 500 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi. Ularning bir qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari oilaviy poliklinikaga kirib, sogʻliqni saqlash xodimlari bilan suhbatlashdi. Tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sogʻlom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari yuzasidan soʻz yuritildi.

– Koʻp yurish bilan toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini yoʻlga qoʻyib olsak, tibbiyotdagi 30-40 foiz masalani hal qilgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi targʻibotni kengaytirish, ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

OʻzA