Nukus shahrida suvga choʻkayotgan ikki nafar fuqaroning biri 8 yoshli bola qutqarib qolindi, ikkinchisi esa vafot etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi OAV va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar guruhining rahbari, katta leytenant Aybek Abdirahmanovning OʻzA muxbiriga xabar berishicha, joriy yilning 6-iyun kuni taxminan soat 21.00 lar chamasida Nukus shahri “Jiydali Boysun” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oqib oʻtuvchi kanaldan suzib oʻtmoqchi boʻlgan 1984-yilda tugʻilgan, Shumanay tumanida istiqomat qiluvchi U.Ye. va 2012-yilda tugʻilgan, Nukus shahrida yashovchi T.B. choʻka boshlagan.
Voqea joyiga yaqin boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Radmir Chimbergenov va ushbu mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Murat Xabipovlar zudlik bilan ularga yordam berishga harakat qilgan. Natijada choʻkayotgan yosh oʻsmir qutqarib qolingan boʻlsa, ikkinchisini qutqarishning imkoni boʻlmagan.
Dastlabki maʼlumatlarga koʻra, fuqaro U.Ye. spirtli ichimlik taʼsirida boʻlgan. Qutqarib qolingan yosh oʻsmirga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan va tegishli xizmatlarga xabar berilgan.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA