Matbuotimizning yana bir qusuri borki, unga biroz bo‘lsa-da, to‘xtalmaslikning iloji yo‘q.
Sobiq tuzum mafkurasi kishanlaridan ozod bo‘lganimizga chorak asrdan ko‘p vaqt bo‘ldi, Ammo bizning qaysi mavzuni qachon va qanday yozishimiz asosan eskicha saqlanib qolmoqda: ayollar, onalar, Navro‘z to‘g‘risida mart oyida, vatanparvarlik xususida yanvarda, bolalar haqida iyunda, Konstitutsiya mavzusida dekabrda, o‘qituvchi va murabbiylar xususida oktyabrda yozamiz. Shu oyda til muammolariga bag‘ishlangan bir-ikkita maqola chiqadi.
Boshqa paytlari boshqa mavzular bilan band bo‘lamiz. Qiziq: onalar haqida yozda, kuzda yozish mumkin emasmi? Hayotimizning asosiy qonuni bo‘lmish Konstitutsiyani o‘rganishga doir maqolalar gazeta-jurnallarda faqat qishda emas, muntazam chiqib tursa, buning nimasi yomon? Bu savolni qo‘yayotganimning boisi shuki, matbuotmiz hali-hanuz eski, hamma joyda rad etilgan, tashlab yuborilgan keraksiz qoliplardan xalos bo‘lgani yo‘q. Tanqid va tahlil kam. Balandparvozlik, madhiyabozlik, o‘rinsiz maqtov ko‘p. Och qornim — tinch qulog‘im. Ahvol shu darajadaki, yetakchi nashrlarimizning jur’ati, qat’iyati va izlanuvchanligi, mualliflarning tanqidiy maqolalariga munosabati respublikamiz viloyatlarida chop etilayotgan ba’zi gazetalar jur’atidan ham past.Aksincha bo‘lish kerak emasmi? Dasturxonga avvalo oqsoqollar qo‘l uzatganidek, oqsoqol gazetalar viloyat, shahar va tuman matbuotiga har jihatdan o‘rnak bo‘lishlari, jur’atli maqolalar turkumini ustoz sifatida boshlab berishlari lozim. Buni tushunadigan, jur’atsizlikdan voz kechadigan payt keldi.