“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Innovatsion va yuqori sifatli dori vositalarini, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, aholining ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, farmatsevtika sohasi mutaxassislarini xalqaro taʼlim standartlari asosida va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlashni, farmatsevtika taʼlimining xalqaro ilmiy hamjamiyat tizimiga izchil integratsiyalashuvini taʼminlash va respublikada farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati Qibray tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini (keyingi oʻrinlarda – Klaster) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, Klaster oʻz ichiga quyidagilarni tashkil etishni qamrab oladi:

a) quyidagilardan iborat oʻz infratuzilmasiga ega boʻlgan Farmatsevtika texnik universiteti (keyingi oʻrinlarda – Universitet):

ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar;

oʻquv-ilmiy laboratoriyalari va vivariylar;

farmakopeya markazi;

mehmonxonaga ega simpoziumlar markazi;

talabalar, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy;

sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, suv havzasi va stadion;

b) innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga moʻljallangan ishlab chiqarish maydonlaridan iborat sanoat zonasi (keyingi oʻrinlarda – sanoat zonasi).

3. Quyidagilar:

a) Klasterning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

xalqaro tajribani qoʻllagan holda innovatsion yechimlar (nou-xau) va yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali respublikaning farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish;

farmatsevtika tarmogʻida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro oʻqitish dasturlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim infratuzilmasini yaratish;

xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalashish, zamonaviy oʻquv-laboratoriyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, innovatsion infratuzilmani yaratish orqali ilmiy-tadqiqot bazasini rivojlantirish;

innovatsion va yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun, shu jumladan, xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish;
ilmiy-taʼlim va tadqiqot markazlarining ilmiy-texnik va innovatsion dasturlar, tanlovlar hamda grantlarda ishtirok etishi uchun
shart-sharoitlarni taʼminlash;

tajriba va maʼlumotlarning doimiy almashinuvini tashkil etish orqali xorijning ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro tadqiqot dasturlari, anjumanlar va simpoziumlarda amaliy ishtirok etishni taʼminlash;

b) Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash;

farmatsevtika tarmogʻida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan innovatsion va samarali taʼlim dasturlari va oʻqitish shakllarini joriy etish;

taʼlim va fanning uzluksizligi va uzviyligi, shuningdek, ularning jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshirish;

farmatsevtika taʼlimi, fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

farmatsiya, biotexnologiya, biofarmatsiya, farmatsevtika tarmogʻi uchun dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqish hamda ularni qoʻllash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;

xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ishbilarmon doiralari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF) liniyalari boʻyicha Koreya Respublikasi Hukumatining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb qilish orqali oʻz infratuzilmasiga ega boʻlgan Universitetni tashkil etish toʻgʻrisida dastlabki kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

4. Quyidagilar:

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida joylashtirish taklif etilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Quyidagilar:

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining vasiylik kengashi 5-ilovaga muvofiq tarkibda;

Davlat muassasasi shaklidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Direksiya) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar:

a) Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

ilmiy-texnik ishlanmalarni moliyalashtirish va strategik loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro grantlarni jalb qilishda koʻmaklashish;

Klasterning ilmiy-tadqiqot va taʼlim salohiyatini rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilash;

Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya va tajriba-sanoat uskunalari bilan jihozlashga koʻmaklashish;

mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar Direksiya tomonidan bajarilishini monitoring qilish;

b) Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ilgʻor xorijiy tajribani, Klasterni xalqaro hamjamiyatga integratsiya qilishni inobatga olgan holda uni rivojlantirish, shuningdek, Klasterning ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish tashkilotlari oʻrtasida barqaror kooperatsion aloqalarni yoʻlga qoʻyish;

farmatsevtika sohasida birinchi ilmiy shaharchani yaratishda taʼlim, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish;

qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda akademik, taʼlim va tarmoq ilm-fani oʻrtasida oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlash;

Klaster aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularga tegishli guvohnomalarni berish, Klaster ishtirokchilarining reyestrini yuritish;

investorlar va Klaster ishtirokchilari oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

Direksiya tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, Agentlikning qaroriga asosan tasdiqlangan investitsiya loyihalarini Klaster hududida joylashtirish;

sanoat zonasi hududida investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi, ishga tushirilishi va Klaster ishtirokchilari samarali faoliyat yuritishini taʼminlash uchun ularga zarur infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yoʻllari va boshqalar) yaratish bilan bogʻliq masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatish;

Klasterni rivojlantirishga xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb qilish;

respublika farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini amalga oshirishda strategik investorlarni aniqlash nuqtayi nazaridan Klaster hududida joylashtirish uchun taklif qilinayotgan investitsiya loyihalarini tayyorlash va ekspertiza qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Direksiya faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.

7. Belgilansinki,

a) Klaster sanoat zonasi hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, jumladan, chet el investitsiyalarini jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi;

b) investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror ushbu loyihaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni tatbiq etish darajasi va ishlab chiqarishning raqobatbardoshliligi toʻgʻrisida Direksiyaning ijobiy xulosasi olinganidan keyin Agentlik tomonidan qabul qilinadi;

v) Klaster aʼzolari hamda Direksiyaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4853-son Farmonining 3 va 4-bandlari tatbiq etiladi;

g) Direksiyaning taʼminoti, shu jumladan, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, asosiy vositalarni sotib olish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

Agentlik qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari;

Direksiya boshqaruvidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan tushumlar;

Direksiya tomonidan shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;

qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Agentlikka Klasterni tashkil etish maqsadida Direksiyaning talabnomalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi chora-tadbirlarga toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin:

Klaster hududining bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;

konsalting va injiniring xizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarning mehnatiga haq toʻlash;

Universitet professor-oʻqituvchilarining xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amaliyot oʻtashi boʻyicha xarajatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkasida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish binolari va boshqa binolar, inshootlar va daraxtzorlar buzilishi sababli, yer uchastkasi olib qoʻyilganda mulkdorlarga yetkazilgan zararni qoplash.

9. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Direksiya bilan birgalikda yer uchastkasining chegaralarini belgilagan holda Klasterni joylashtirish uchun ajratiladigan hududlarni topografik tasvirga olishni taʼminlansin;

Klaster tashkil etish uchun Toshkent viloyati Qibray tumanida keyinchalik kengaytirish imkoniyatini inobatga olgan holda, umumiy maydoni 43,75 gektar yer uchastkasi ajratilishini taʼminlasin.

10. Klaster qurilishi doirasida Direksiya, istisno tariqasida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan maqsadlarda olib qoʻyiladigan sugʻoriladigan yerlar uchun kompensatsiya toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilinsin.

11. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har yili tegishli yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining parametrlarini shakllantirishda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun kapital qoʻyilmalar limitlarini va zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish davrida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish davrida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha yashash joyi boʻyicha vaqtincha propiska qilinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi belgilangan tartibda respublikaga ishchi kuchini (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmaganlar orasidan) jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ushbu fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishda quyidagi tartib oʻrnatilsin:

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqov – uzoq muddatli xorijiy imtiyozli kreditlarni oʻz vaqtida jalb qilgan holda belgilangan muddatlarda Klasterni, shu jumladan, Universitet va sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha ishlarning samarali tashkil etilishini, masʼul idoralar va tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilishini, aniqlangan muammo va kamchiliklar tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlasin;

Agentlik direktori v.b. S.X.Kariyev – Klasterni samarali boshqarish tizimini yaratish, uni shakllantirish jarayonida yuzaga keladigan kundalik masalalarni hal qilish, sanoat zonasi hududida yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha innovatsion quvvatlarni joylashtirish, ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, ushbu sohadagi akademik va ilmiy-tadqiqot muhitini rivojlantirishni taʼminlasin;

Toshkent viloyati hokimi R.K.Xolmatov – yer uchastkasining chegaralarini aniqlasin va transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini taʼminlagan holda uni Klaster tashkil etish uchun ajratsin, Klaster, shu jumladan, Universitet va sanoat zonasi faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                                                                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 28-yanvar

 

O’zA