Mamlakatimizda joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘ladigan saylovlar kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Beshta siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlari tavsiya etilganlar joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘z dasturlarini bayon qilmoqdalar.
Bugungi tezkor, shiddatli kechayotgan davr deputatlardan chuqur bilim, yuksak salohiyat, qonunlarni yaxshi bilish, elektoratlari huquq va manfaatini himoya qila olish kabi xislatlarni talab qilayapti.
Bir paytlardagidek, xalqqa uyingizga gaz o‘tkazib beraman, ko‘prik qurib beraman, farzandingizni institutga kiritib qo‘yaman, deya qop-qop va’dalar berib, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldiradigan davrlar o‘tdi.
…Hali-hali esimda. 1989 yilning oxirlari edi. Mamlakatda deputatlarni keyingi muddatga saylash bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanib ketdi. Bir saylov okrugidagi voqealarga jonli guvoh bo‘lganim – o‘sha paytlardagi Oliy sovet deputatligiga bir o‘qituvchi va bir rahbarning nomzodi qo‘yildi. O‘qituvchi – oddiy bir ziyoli, qiladigan ishi bolalarga saboq, ta’lim – tarbiya berishdan iborat. Bor-yo‘g‘i, shu. Ikkinchi nomzod – yirik, boy xo‘jalikning rahbari esa, obro‘si baland, dasti uzun, qaerga uzatsa, yetadi. Aytgani aytgan, degani-degan.
To‘g‘ri, odamlar o‘qituvchini kamtar, bir ziyoli, halol, to‘g‘ri so‘z inson sifatida hurmat qilishadi. Rahbardan esa qo‘rqishadi va uning marhamatidan umidvor odamlar ham bor, qolaversa, mansabi, mablag‘idan foydalanib qolish ilinjida yurganlar ham yo‘q emas.
Saylovchilar bilan uchrashuv, muloqotlarda o‘qituvchi saylovoldi dasturini ochiq, oshkor, to‘g‘ri, nimaiki lozim bo‘lsa, shuni bayon etdi. Ikkinchi nomzod – rahbar esa odamlarga ko‘plab va’dalar berdi, ya’ni qishloq yo‘llariga asfalt yotqizish, yangi maktab qurish, kam ta’minlanganlarga mablag‘ berish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash kabilar.
Xullas, bo‘lajak deputatlarga ovoz berish – saylov kuni ham yetib keldi. Ikkinchi nomzod – rahbar saylov kuni ham yaqinlari, shotirlarini ishga solib, ularni saylovchilarni unga ovoz berishlariga da’vat qilishga undadi.
Har qalay, odamlarda o‘qituvchiga nisbatan ishonch yoki hurmat ustun keldimi, unga ko‘proq ovoz berishga harakat qilishdi. Ammo sanoq komissiyasining qarori quyidagicha bo‘ldi: saylovchilar ikkala nomzodga ham teng ovoz berishdi va qoida bo‘yicha ikkinchi marta saylov o‘tkaziladi.
Deputatlikka nomzod o‘qituvchi oldiniga xafa bo‘ldi, ammo buning hech bir foydasi yo‘q, keyingi urinishning natijasi bo‘lishi uchun harakat qilish kerak edi.
Ikkinchi nomzod – xo‘jalik rahbari ikkinchi saylovda ko‘p ovoz to‘plash uchun bor imkoniyatini ishga soldi, ya’ni bitta qishloqning yo‘lini ta’mirlab berdi, bir qishloq aholisiga kir sovun, yana biriga kalish tarqatdi. Hamma ko‘rib-bilib turibdiki, qonunga xilof ish qilinayapti, ammo hech kim rahbarning mushugini “pisht”, deyishga jur’at etmadi. Sho‘rlik o‘qituvchi adolat izlab u yoqqa chopdi, bu yoqqa yugurdi, ammo uni hech kim tinglamadi. Mutasaddilar ham o‘qituvchining ko‘ngli uchun nomiga va’da berishar, lekin hech ish qilishmasdi.
Bo‘lajak deputatlarga ikkinchi ovoz berish boshlandi. Vaziyat izdan chiqqan, rahbar saylov bilan bog‘liq barcha tizimlarni qo‘lga olib bo‘lgan edi. Xullas, ikkinchi nomzod – xo‘jalik rahbari ko‘p ovoz oldi, degan xulosaga kelindi. Ha, u deputat bo‘ldi.
O‘qituvchining tarafdorlari kuppa-kunduzi haqiqatning ko‘ziga cho‘p suqilganining guvohi bo‘lib, lol qolishdi. Ammo “poezd ketib bo‘lgan” edi.
Oradan yillar o‘tdi, qor yog‘ib, izlar ham bosildi. Ammo odamlarning yuragida o‘sha davrlardagi adolatsizlik, haqsizligu, ko‘zbo‘yamachiliklarning adadsiz dog‘i qoldi.
O‘sha nohaqliklarning ortda qolgani chin bo‘lsin. Bugungi shukuhli kunlarning qadriga yetib yashash ham mardlik alomati. Mana, bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiyaning tavsiyasi bilan nomzodlari ilgari surilayotgan bo‘lajak deputatlarning bilimi, saviyasi, fikrlashi o‘zgacha.
Nomzodi deputatlikka qo‘yilgan kishi endi o‘z saylovchilariga qop – qop va’da va’dalar bermaydi,yo‘qdan bor qilishga harakat ham qilmaydi.
Shu yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga bugungi kundagi islohotlar bilan hamnafas bo‘la oladigan, respublikamiz barcha aholisi, shu jumladan, qishloqlardagi odamlar manfa
atlarini aks ettiradigan hayotiy va xalqchil saylovoldi dasturlari bilan chiqishlar qilmoqdalar.
Endi davr,mamlakatda kechayotgan yangilanish epkinlari, shart-sharoit, odamlarning fikrlashlari o‘zgacha. Bugungi deputat, avvalo, xalq, odamlarning g‘am-tashvishi haqida o‘ylaydigan, jamiyatdagi o‘zgarishlarni teran anglagan holda, uning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan, odamlarning og‘irini yengil qilishga oid qonunlar ishlab chiqishning uddasidan chiqadigan va natijadorligiga amin bo‘ladigan inson bo‘lmog‘i lozim. Shundagina, xalqimiz deputatlarga ishonadi va ularni hurmat qiladi.
Yusuf Hamdamov, O‘zMU dotsenti
O’zA