Toshkent mexanika zavodi hududida yana 16 ta korxona ishga tushiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni Yashnobod tumanidagi Toshkent mexanika zavodiga tashrif buyurdi.
Bugungi kunda zavod hududida oʻndan ziyod korxona faoliyat yuritib, ularda ikki yarim mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Lekin bu 141 gektar maydonga ega ulkan kompleks uchun yetarli emas. Bundan samarali foydalanish maqsadida zavod hududida texnopark tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur texnoparkda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Unga koʻra, bu yerda 2019-2020-yillarda umumiy qiymati 385 million dollardan ziyod boʻlgan 16 ta korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu korxonalarda yiliga 1 million donadan ziyod kir yuvish mashinasi, 1 millionta oshxona plitasi, yana shuncha maishiy sovutkich, 75 ming dona savdo sovutkichlari va muzlatkichlar, 700 mingta elektr suv isitgich, 550 mingta suv nasosi, 80 ming dona sanoat konditsioneri, 2 mingta lift va eskalatorlar, shuningdek, alyumin va bimetall radiatorlar, eshik-rom furnituralari, sendvich-panellar, linoleum va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish moʻljallangan. Toʻqqiz mingga yaqin ish oʻrni yaratish, yiliga qariyb 185 million dollarlik eksport qilish koʻzda tutilgan.
Prezident korxonalar barqaror ishlashi uchun doimiy xaridor kerakligini, chet ellardagi zavodlar bilan kelishib, ularga zarur mahsulot va ehtiyot qismlarni tayyorlab berish mumkinligini taʼkidladi. Yana yangi loyihalar ishlab chiqish, ularni aholining ishga talabi va mavjud resurslardan kelib chiqib, oqilona joylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududiy eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.

 

OʻzA