Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Bogʻdorchilik tarmogʻi va issiqxona xoʻjaliklarida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 29 birlikdan iborat Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligini (keyingi oʻrinlarda – Agentlik);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 58 birlikdan iborat bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi boʻlimlarini;
tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 185 birlikdan iborat bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi sektorlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini barqaror rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini qoʻllagan holda intensiv bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor konyukturasi tahlilini hisobga olgan holda meva mahsulotlari turlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligida ilmiy yutuqlar, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda koʻmaklashish;
meva mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va sotishning butun zanjirini oʻz ichiga olgan klaster shaklini tashkil qilish va kooperatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha choralarni amalga oshirish;
bozorlar konyukturasi boʻyicha chuqur marketing tadqiqotlarini oʻtkazish yoʻli bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan meva navlarini joylashtirish va yetishtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklari sohasida mutaxassislarni oʻqitish, ularning malakasini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari boʻyicha mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklari maydonlarining elektron reyestrini yuritish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziriga zarur hollarda Agentlik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki:
a) Agentlik:
oʻz faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari va tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlarining bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi boʻyicha boʻlimlari (sektorlari) va mutaxassislari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi;
b) Agentlik direktori:
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
v) Agentlik direktorining oʻrinbosari Agentlik direktorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
5. Agentlik xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etilsin.
6. Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Agentlik qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin va uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasining TIF TN kodi 07 va 08 boʻlgan tovar guruhlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilishdan tushgan bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) summasining 10 foiziga teng ajratmalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasining ochiq savdolarida sotilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning boshlangʻich bahosidan oshgan summaning 50 foizi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablagʻlari) va grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini barqaror rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;
bogʻlarda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini oʻtkazish, jumladan, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sigʻimlar xarid qilish;
Agentlik moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, xususan ustamalar toʻlash;
bogʻdorchilik sohasiga xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, shuningdek, Agentlik xodimlari, bogʻbonlar va issiqxona xoʻjaliklari egalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlar.
7. Belgilansinki:
a) yangi tashkil etiladigan bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklari uchun 50 va undan yuqori ball bonitetiga ega boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
b) tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish asosidagi suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga quyidagilar uchun subsidiya ajratish orqali amalga oshiriladi:
bir gektar ekin maydoniga yuqorida koʻrsatilgan suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga 6 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda;
maydoni 35 gektardan ziyod bogʻlarda suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kichik tadbirkorlik subyektlariga intensiv bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 5 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdordagi mablagʻga kafillik beradi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan subsidiyalarning boshqa summalari hamda bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini moliyalashtirishning qoʻshimcha yoʻnalishlari belgilanishi mumkin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan sarf-xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
a) 2019 yil 1 avgustga qadar mavjud mevali bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini har bir fermer xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi korxonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini aniqlash nuqtai nazaridan xatlovdan oʻtkazsin va iqtisodiy samarador yangi bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini barpo etish boʻyicha takliflar kiritsin;
b) 2019 yil 1 sentyabrga qadar:
keyinchalik meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tavsiyalar berib borish maqsadida mevali koʻchatlarning yuqori hosilli navlarini tanlab olish va ularni yetishtirishning hududiy chegaralarini aniqlash nuqtai nazaridan tabiiy-qishloq xoʻjaligi boʻyicha rayonlashtirishni amalga oshirsin;
ishlab chiqaruvchi, yer uchastkasi, bogʻlarning holati, navlar, barpo qilingan vaqti va boshqa koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan bogʻ plantatsiyalari va issiqxona xoʻjaliklarining yagona elektron reyestrini shakllantirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi 2020 yil 1 yanvarga qadar muddatda oʻzlashtirilmagan yerlarda yer osti suv resurslarining mavjudligi va ularning qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqliligiga alohida eʼtibor qaratib, mavjud yer osti suv resurslarining miqdori va sifati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda yer osti suvlari xaritalarini ishlab chiqsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud mevali bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazish yakunlaridan soʻng ikki oy muddatda eksportbop sifatli meva mahsulotlari hajmini kengaytirish maqsadida hududlar kesimida yangi intensiv bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklari barpo etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda mevali daraxt va butalarning urugʻlik materiallari va koʻchatlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar faoliyatini tartibga solish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2019 yil 1 oktyabrga qadar oʻz veb-saytida hududlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar kesimida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognoz koʻrsatkichlari, pishish vaqti toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni olish imkonini beruvchi axborot platformasini ishga tushirsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut)ni Agentlik ixtiyoriga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur texnikalarni, shu jumladan, lizing asosida xarid qilish manbalarini aniqlash, kamida uchta “in-vitro” usuli asosida koʻchatlar yetishtirish boʻyicha hududiy laboratoriyalar va issiqxonalarni tashkil qilish, shuningdek, Institut balansida boʻlgan yer uchastkalari va obyektlarni optimallashtirishni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda respublikadagi bogʻdorchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda “ishlab chiqarish – tayyorlash – saqlash – qayta ishlash – qadoqlash (tara) – tashish – ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish” tamoyili asosida zanjir shakllantirishni nazarda tutuvchi meva savdo-logistika markazlarini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda strategik importyor davlatlar hududida ulgurji taqsimlash markazlari qoshida savdo korxonalarini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
a) quyidagi nizomlarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi;
b) Agentlikni uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Agentlikning 2019 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi xarajatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻ ajratsin hamda 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;
Agentlikka 4 ta avtotransport vositasi, shu jumladan, 2 ta shaxsiy biriktirilgan avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin;
Agentlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan uning maʼmuriy binosini taʼmirlash hamda moddiy-texnik bazasini shakllantirish uchun zarur uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olishga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Abay koʻchasi, 6-uy manzili boʻyicha joylashgan binoning bir qismini Agentlikning operativ boshqaruviga berilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik zarur aloqa, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan va keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
18. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.J.Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayevga – Agentlik faoliyatini tashkil etish boʻyicha masalalarni, tashkiliy-texnik, moliyaviy, huquqiy va boshqa tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, mavjud mevali bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazishni samarali muvofiqlashtirish yuzasidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga – bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklari tashkil etish uchun yer uchastkalari oʻz vaqtida ajratilishi, shuningdek, mavjud mevali bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazishni sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV