Iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Toshkent shahrida 7 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, agrosanoat tarmoqlaridagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2018 yil oktabr oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosi koʻrib chiqildi.
Mamlakatlarimizning iqtisodiy hamkorligi yangi bosqichda rivojlanmoqda. Oʻtgan yilda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 20 foiz oshib, qariyb 6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilning yanvar – fevral oylarida tovar ayirboshlash hajmi 877 million AQSH dollariga yetib, eksport hajmi 70 foizga oshgan.
– Bugungi kunda Oʻzbekiston – Rossiya iqtisodiy hamkorlik dasturi asosida 54 ta loyiha faol moliyalashtirilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev. – Jumladan, qiymati 600 million AQSH dollariga teng 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Majlisda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin mamlakatlarimizda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar koʻpligi, ularni toʻliq ishga solishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdi.
2019-2020 oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yurtimizda Rossiyaning tibbiyotga ixtisoslashgan qator oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma fakultetlar ochiladi. Tibbiyotda mazkur loyihalarning amalga oshirilishi sohada ikki tomonlama aloqalarni yangi darajaga olib chiqishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston va Rossiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdor.
Majlisda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti kengayishiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan fikr almashildi. Bu borada Rossiya tomoni mamlakatimiz hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji tarqatish markazlarini bunyod etishga tayyor ekanini bildirdi. Qayd etilganidek, bunday markazlarning bunyod etilishi mamlakatimizda Rossiyaga yetkazib berilayotgan meva-sabzavotlar hajmini bir necha baravar oshirish imkonini beradi.

 

Malohat Husanova, OʻzA