Lyuksemburg Buyuk Gersogligi tashqi va Yevropa ishlari vaziri J.Asselborn boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligida delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Mahkamov mehmonlarni qutlar ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyo mintaqasida transport-logistika sohasini rivojlantirish borasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari haqida soʻzlab berdi. Vazirlik faoliyati, tarkibiy tuzilmasi, maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi.
Muloqot chogʻida transport-logistika, tranzit sohasidagi hamkorlik Oʻzbekiston va Lyuksemburg manfaatlariga birdek xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qayd etish joiz, bugungi kunga qadar Oʻzbekiston bilan Lyuksemburg oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilmagan. 2018 yilning sentabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida ikki mamlakat aviatsiya maʼmuriyatlari “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi orqali tijoriy qatnovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakuni boʻyicha ushbu sohadagi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqishga kelishildi.
Transport vazirligida Lyuksemburg delegatsiyasi bilan tashkil etilgan uchrashuv chogʻida ikki davlat aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisida protokol imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Hujjat mamlakatlarimiz oʻrtasida yuk, yoʻlovchi tashish va charter reyslarini amalga oshirishni huquqiy tartibga solishga xizmat qiladi. Lyuksemburgning “Cargolux” aviakompaniyasi uchun 2020 yildan Osiyo mamlakatlariga yuk tashishdagi tranzitlarni “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi orqali amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Ulugʻbek SHONAZAROV, OʻzA muxbiri