Ayrim OAVlar suitsid darajasi oshishiga hissa qoʻshmayaptimi?

Eʼtibor qiladigan boʻlsak, oxirgi vaqtlarda internet saytlarida oʻz-oʻzini oʻldirish holatlari tez-tez yoritilmoqda. Bu qanchalik toʻgʻri? 
Zamonaviy jamiyatda ommaviy axborot vositalari katta ahamiyat va taʼsirga ega ekanligini inkor eta olmaymiz. Ular insonlarning xulq-atvori, xatti-harakatlari va ular oʻrtasidagi munosabatlarga katta taʼsir koʻrsatadi. Oʻz joniga qasd qilish holatlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi, aks taʼsir koʻrsatib, oʻz-oʻzini oʻldirish holatlari oshishiga olib kelishi mumkin.
Bu holat “Verter effekti” deb nomlanadi. Bu tushuncha Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asari qahramoni Verter nomidan kelib chiqqan. Bu asar nashr etilgach, (1774 yil) ommaviy oʻz joniga qasd qilish holatlariga sabab boʻladi.
Hozirda ayrim OAVlar esa ”pashshadan fil yasab”, shov-shuv koʻtarishga urinishmoqda. Nima emish, “2” baho olganidan tushkunlikka tushgan oʻquvchi oʻz joniga qasd qilgan emish. Bunday xabarlarning muntazam berilishi qolgan oʻquvchilar ruhiyatiga taʼsir qilmay qolmaydi. Ularda oʻz joniga qasd qilish muammolarning yagona yechimi degan notoʻgʻri tasavvur uygʻonishiga sababchi boʻladi.
Oʻz joniga qasd qilish – dahshat! Bunday ogʻir voqeaning bittasi butun jamiyatni qalqitishi kerak. Uning oldini olish shu jamiyatdagi har bir fuqaroning vijdon ishiga aylanmogʻi shart!
Ushbu ogʻriqli muammoni ommaviy axborot vositalarida yoritilmasin, demoqchi emasman. Ammo oʻz joniga qasd qilish holatlarini yoritishda quyidagi ayrim jihatlarga eʼtibor qilinsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Oʻz joniga qasd qilish usul va vositalarini, sabablarini yoritmaslik lozim. Afsuski, amalda buning aksini koʻryapmiz. Bitiruv kechasiga borolmagan qiz oʻzini osgani yoki ikki sevishgan oʻzini poyezd ostiga tashlagani…
Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Lekin bu sekin-sekin inson ongiga taʼsir qilib, vaqt oʻtishi bilan salbiy hodisa sodir boʻladi. Ana, shuncha odam oʻzini osmoqda yoki oʻziga oʻt qoʻymoqda ekan, men qilsam, nima boʻlibdi, degan fikr paydo boʻlmaydimi?
Imkon boricha, oʻz joniga qasd qilish haqida qisqa xabarlar boʻlishi kerak. Hodisa haqida umumiy maʼlumot bilan chegaralanib, oʻz joniga qasd qilish tafsilotlarini (suitsidentning yoshini, yashash joyini, ish joyi, oʻqishini, kasbini) tushuntirishdan qochish lozim. Bu, ayniqsa, oʻsmirlar va yoshlarning oʻz joniga qasd qilish holatlarini yoritishda juda muhim.
Voqealarga iloji boricha qoʻshimcha dramatik tus bermaslik lozim. Yaʼni suitsidentning qarindoshlari, doʻstlari yoki sinfdoshlaridan intervyu olmaslik kerak.
Bu holat potensial suitsidentlarda, oʻz joniga qasd qilish boshqalarning diqqatini jalb qilishning eng samarali usuli, degan yolgʻon tasavvur paydo qiladi.
Jamiyatda oʻz joniga qasd qilishga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ommaviy axborot vositalari oʻta ehtiyotkor munosabatda boʻlishlari lozim. Yana ”qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarmaslik lozim”.
Bu fikrlarga siz nima deysiz? Munosabat bildiring.
Muhammadamin Karimjonov, Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi

 

OʻzA