Toshkent yuqori texnologiyalar rivojlangan yirik xalqaro markazga aylanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad hayotimiz obodligi, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini taʼminlashdan iborat. Bu tibbiyot tizimidagi izchil oʻzgarishlarda ham aks etmoqda. Aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish borasidagi ishlar natijasida mamlakatimizda oʻrtacha umr koʻrish 1990 yildagi 67 yoshdan 2017 yilda 74 yoshni tashkil etdi.

Xalqimizga sifatli va oʻz vaqtida tibbiy xizmatlar koʻrsatishda xususiy sektorning ulushi ortmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy tibbiyot muassasalari qurish va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2018 yilda mamlakatimizda 400 dan ziyod, jumladan, Toshkent shahrida 115 ta xususiy klinika tashkil etildi.

Prezidentimiz ana shunday muassasalardan biri, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “DMS” xususiy innovatsion klinikasiga tashrif buyurdi.

Toʻrt qavatli ushbu shifo maskani xavfsizlik, energiya tejamkorlik va mijozlar ehtiyojidan kelib chiqib, koʻp tarmoqli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha eng zamonaviy talablarni hisobga olib qurilgan. Klinika fasadi Germaniyaning innovatsion texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan issiqlik va ovoz qaytaruvchi izolyatsiya materiallari bilan qoplangan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi Zulfiya Maqsudova rahbarlik qilayotgan klinika Rossiya, AQSH, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlarning barchasi xorijdagi yetakchi klinika va tibbiyot markazlarida malaka oshirgan.

Joriy yil aprel oyida faoliyat boshlagan innovatsion klinikada oftalmologiya, neyrojarrohlik, ortopediya, plastik jarrohlik, kardiologiya, LOR, pediatriya, reabilitatsiya, fizioterapiya kabi oʻn beshdan ortiq ixtisoslik boʻyicha tashxislash va davolash yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaviy laboratoriya diagnostikasi bilan taʼminlangan.

Birinchi qavatda bemorlar tashxisdan oʻtkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Viloyatlar va qoʻshni mamlakatlardan kelgan bemorlar yotib davolanadi. Kompyuterli bioboshqaruv xonasida medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarish mumkin.

Klinikada toʻr parda kasalliklari va patologik holatlarni kontrast vositalarsiz tashxislash imkonini beradigan “Topcon” tamograf-angiografi, mikroinvaziv operatsiyalar oʻtkazish uchun “Constellation Vision System” apparati oʻrnatilgan. Bundan tashqari, soʻnggi avlod artroskopi yordamida kam invazivli davolash diagnostik amaliyotlari bajariladi. Boʻgʻimlarda endoprotezlash amaliyotlari, jarohatlar va operatsiyalardan keyingi kompleks reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi.

Davlatimiz rahbari innovatsion klinikadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash, davolash va sifatga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat boʻlishi kerak. Raqobat bor joyda sifatga intilish boʻladi, davolash, xizmat koʻrsatish yaxshilanadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koʻz mikrojarrohligi boʻyicha innovatsion oʻquv-simulyatsiya markazini tashkil etish loyihasi haqida maʼlumot berildi. Ushbu markazda koʻz mikrojarrohligi mutaxassislarini tayyorlashning jahon standartlariga mos innovatsion uslubi tatbiq etiladi.

Davlatimiz rahbari loyihani maʼqullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simulyatsiya markazlarini tibbiyotning boshqa yoʻnalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev “Steel property construction” MCHJ qoʻshma korxonasi hududidagi ishlab chiqarish quvvatlarini koʻzdan kechirdi.

Yashnobod tumanidagi sobiq aviatsiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan ushbu MCHJ hududida qator korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda xorijdan texnologiyalar keltirilib, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Qariyb 20 gektarlik hududda marmar plitalar, issiqxona jihozlari, metall konstruksiyalar, eshiklar, quvurlar, poʻlatdan tayyorlangan isitish radiatorlari, sendvich panellar ishlab chiqarilmoqda.

Masalan, “Dacros” korxonasi Yevropa texnologiyasi asosida temir eshiklar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu eshiklar koʻp qavatli turar joylar yoʻlaklari, namunaviy uylarga oʻrnatilmoqda.

Yana bir binoda Niderlandiya texnologiyasi asosida turli oʻlchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 24 ming tonna metall mahsulotlar bilan birga, sendvich panellar, bruschatkalar, yoʻl cheti toʻsiqlari, isitish radiatorlari tayyorlanadi. Ichki bozordan tashqari qoʻshni mamlakatlar mahsulotning asosiy bozori hisoblanadi.

“Midas agrotech” korxonasida zamonaviy issiqxona majmualari uchun konstruksiyalar, shuningdek, quyosh nuridan himoyalovchi toʻrlar, plastik yashiklar, polietilen plyonka kabilar ishlab chiqariladi.

“Bektemir metall konstruksiyalari” korxonasida yoʻl toʻsiqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari mazkur sexlardagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Mahsulotlar sifati va bozori bilan qiziqdi.

Bektemir tumanidagi “Binokor” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.

Prezidentimiz mazkur korxonada ishlab chiqarilgan temir-beton panellardan namuna sifatida qurilgan xonalarga kirib koʻrdi. Koʻp qavatli uylarni tez muddatlarda qurish, aholini uy-joy bilan taʼminlash uchun bunday korxonalar juda zarurligini taʼkidladi. Shu yoʻnalishga ixtisoslashgan korxonalarni koʻpaytirish va kadrlar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi korxonalar tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

2019 yilda poytaxtimizga kamida 2 milliard 700 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilishi moʻljallanmoqda. Ushbu mablagʻlar hisobiga 227 ta loyiha amalga oshirilib, tumanlar kesimida 28 mingdan ziyod qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etiladi. Natijada sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlarda oʻsish koʻrsatkichlari taʼminlanadi, byudjetga soliq tushumlari yanada koʻpaytiriladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyati milliy banki, “Asakabank”, “Oʻzsanoatqurilishbank” negizida tashkil etiladigan “Investor markazlari”da tadbirkor va sarmoyadorlarga kompleks xizmatlar koʻrsatiladi.

Germaniyaning “VERIDOS” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qoʻshma korxonada plastik kartochkalar, ID karta va chiplar, “Best stainless stell Co.ltd” korxonasi tomonidan nikel metall mahsulotlari, “Real House” kompaniyasi tomonidan koʻp tarmoqli shifoxona, logistika markazi, shuningdek, beton mahsulotlari, mebel, mato va sochiqlar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari kiritiladigan investitsiyalarni kafolatlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, poytaxtimizda yangi investitsiyaviy muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Prezidentimiz Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida bunyod etilayotgan koʻp qavatli uylarning qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda 9 qavatli 23 ta uy qurilib, kelasi yil foydalanishga topshiriladi.

Sir emas, mamlakatimizda uy-joylar qurilishi deyarli toʻxtab qolgandi. Atigi uch-toʻrt yil oldin ham nafaqat poytaxtimizda, viloyat, tuman va shahar markazlarida, olis qishloqlarda arzon uy-joylar qurilishini hech kim tasavvur qilolmas edi.

Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq ana shu ogʻriqli, hayotiy dolzarb muammoni hal qilishga kirishdi.

2017 yildan ilk marotaba aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi boshlandi. Shu yilning oʻzida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar foydalanishga topshirildi. Aholining arzon uylarga talabini qondirish uchun joriy yilda birgina qishloq joylarning oʻzida 3 mingdan ziyod yoki oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar koʻp arzon namunali uy-joy qurildi. Bu jarayon izchil davom etadi.

Bogʻistonda qurilishi boshlangan koʻp qavatli uylar ham milliy mentalitetimizga xos zamonaviy qurilish andozalari asosida qad rostlaydi. Turar joylar zilzilabardoshligi, nogironlar uchun qoʻshimcha qulayliklarga egaligi bilan ajralib turadi. Hovlisida bolalar maydonchalari, avtoturargoh, savdo markazi boʻladi.

Prezidentimiz yangi uylar poytaxtimizdagi eng namunali yashash manzillaridan biriga aylanishi kerakligini taʼkidladi.

Shu yerda Toshkent shahrida kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, kanallarni taʼmirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish, yoʻl oʻtkazgichlar qurilishi boʻyicha loyihalar namoyish etildi. 2019 yilda Salor, Damashi, Qorasuv, Bektemir, Boʻzsuv, Joʻn, Boʻrijar kabi kanallar taʼmirlanib, atrofi obodonlashtiriladi.

Kanallar atrofida, odamlar dam oladigan, bolalar choʻmiladigan obod va xavfsiz hududlar tashkil etish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz chiqindilarni saralash va qayta ishlash, issiqlik manbai boʻyicha yopiq suv taʼminoti tizimi loyihalarini tezlashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Bugun Sergeli tumanida qurilish kranlari shunchalik koʻpki, xuddi daraxtzorga oʻxshaydi. Bu bunyodkorlik ishlari koʻlamidan, shiddatidan. Jumladan, Choshtepa mahallasi hududida 3 ming 696 xonadonli 66 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari yangi uy-joylarni borib koʻrdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyul oyida ushbu mahallaga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishgan, mutasaddilarga bunyodkorlik ishlarini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Atigi besh oyda bu yerda ulkan mavze qad koʻtardi. 1 ming 176 xonadonga moʻljallangan 21 ta uy barpo etildi. Boshqa uylar qurilishi davom etmoqda.

Ahamiyatli tomoni, Turkiyaning innovatsion texnologiyalari asosida binoning tashqi devorlari energiya tejamkor materiallar bilan qoplangan. Bu uylarning qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi.

Prezidentimiz ushbu uylardan birini kirib koʻrdi. Qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini, bu aholini uyli qilish bilan birga koʻplab ish oʻrinlari ham ochayotganini taʼkidladi.

Mavzeda mahalla guzari ham bunyod etilgan boʻlib, unda mahalla raisi va maslahatchilari xonalari, uy-joy mulkdorlari shirkati, profilaktika inspektori xonasi, kutubxona faoliyat yuritadi.

Shavkat Mirziyoyev tuman hududidagi yana bir mavzeda boʻldi. Bu yerda ham koʻp qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda.

Davlatimiz rahbari milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimizning islom rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shunday tashabbuslardan biri – “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiya qabul qilish taklifi BMT Bosh Assambleyasining 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida barcha davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Ushbu tarixiy voqea Oʻzbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jahonda tan olinayotganidan, yurtimizning ushbu masalalarda boy tarix va katta tajribaga ega ekanidan dalolat beradi.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi davlatimiz rahbarining ayni sohasidagi ezgu tashabbuslaridan biridir.

Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni ushbu markaz qurilishiga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi kunda bino konstruksiyalari qad koʻtarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalarimiz uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qurʼoni qoʻyiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va koʻrgazma zallari boʻladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni oʻz ichiga oladi.

Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishdi. Koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini taʼkidladi.

Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviy ozuqa olib ketishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Toshkent shahrida 2017 yili yalpi hududiy mahsulot 5 foizga oʻsgani qayd qilindi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 8,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuni boʻyicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 9,2 foiz, qurilish ishlari 11,6 foiz, xizmat koʻrsatish 10,5 foiz oʻsadi. Bu mamlakatimiz boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.

Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Toshkent shahrini yirik ishbilarmonlik va moliya markaziga aylantirish boʻyicha strategiya ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Bugungi globallashuv davrida iqtisodiyotga investitsiyalarni faol jalb etib, biznes uchun qulay sharoitlar yaratib berayotgan shaharlar jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahrini yuqori texnologik sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, bank, moliya, sugʻurta va boshqa zamonaviy xizmatlar koʻrsatadigan yirik xalqaro markazga aylantirishimiz zarur. Shahar atrofi sanoat zonalari, shahar ichi esa innovatsion hudud boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarini rivojlantirish, aholi va turistlar uchun qulayliklarni koʻpaytirish boʻyicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxoʻjayev Toshkent shahar hokimi etib tasdiqlandi.

Soʻzga chiqqanlar hokim va uning barcha oʻrinbosarlari, barcha faollar Prezidentimiz tomonidan poytaxtimizni jadal rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini taʼkidladilar.

 

OʻzA