Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moʻynoq tumaniga tashrif buyurdi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Moʻynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi. Bu yerda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mehnatga layoqatli insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, savdo, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda band.
Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari ochish boʻyicha bajarilgan aniq, manzilli chora-tadbirlar natijasida odamlar turmush darajasi sezilarli oshdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq toʻqimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sugʻorish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish boʻyicha imkoniyatlar ishga solindi.
2019 yilda Moʻynoq tumanida yana koʻplab – sanoat sohasida 12 ta, qishloq xoʻjaligida 5 ta, xizmat koʻrsatish boʻyicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlari qurish va taʼmirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Moʻynoqning mavjud salohiyati, tabiiy imkoniyatlaridan foydalanib, ichki bozorga kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Masalan, Moʻynoq atrofida qamish koʻp. Uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etib, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash, yoshlarni ish bilan taʼminlash mumkin.
Hududning yana bir imkoniyati – suv havzalari. Ularda baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlab sotish orqali oilalarga baraka kiradi.
Moʻynoqda chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish ham mumkin. Echki tashqi muhitga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi. Uning junidan kundalik ehtiyoj tovarlari tayyorlab sotish xotin-qizlar uchun ish oʻrni boʻladi.
Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu – Moʻynoq aholisi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak.
Shu bois Prezidentimiz kelgusi ikki yilda Moʻynoqda 20 ta koʻp qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish boʻyicha topshiriq berdi. Bu yerda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini taʼkidladi.
Ekologiya muzeyi zalida mahalliy aholi vakillari bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ana shu ulkan rejalar haqida soʻz bordi. Prezidentimizning tarixiy tashrifi, tumanni har tomonlama rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori moʻynoqliklarga katta quvonch bagʻishladi.
OʻzA