Inson huquqlari – oliy qadriyat

Insoniyat boshiga misli koʻrilmagan azob-uqubatlar, vahshiyliklar keltirgan Ikkinchi jahon urushi natsistlar, fashistlarning insoniyatga nisbatan amalga oshirgan shafqatsiz jinoyatlari, inson huquqlarining toptalishi, xoʻrlanishining oldini oluvchi xalqaro tashkilot tuzishni taqozo qildi.
Shu maqsadda 1945 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etildi hamda inson huquqlari va erkinliklari uchun umumiy kurash boshlandi. Dunyo xalqlari, davlatlari bu yoʻlda birlashishga daʼvat qilinib, 1948 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi inson huquqlari boʻyicha 30 moddadan iborat Deklaratsiyani qabul qildi. Bu har bir insonning tabiiy va tuganmas huquq va erkinliklari eʼlon qilingan asosiy xalqaro hujjat boʻlib, unga BMTga aʼzo davlatlarning aksariyati qoʻshildi. Deklaratsiyada insoniyatning barcha vakillariga xos qadr-qimmat, ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish – erkinlik, adolat va yalpi tinchlik masalalari belgilandi. Insonlarning shaxsiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari kafolatlandi.
Oʻzbekiston ham davlat mustaqilligini qoʻlga kiritgach, insonparvar demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish maqsadini koʻzlab, 1991 yil 30 sentyabrda ushbu hujjatga qoʻshildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan 2-boʻlimi mazkur Deklaratsiya talablariga toʻla mos keladi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi taʼkidlandi. Shu paytgacha respublikamizda inson huquqlariga doir yuzdan ortiq qonun qabul qilindi va ular xalqaro meʼyor va andozalarga muvofiqlashtirilmoqda.
Mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va inson huquqlarini himoya qiluvchi bir qator tashkilotlar faoliyat koʻrsatmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 70 ta asosiy hujjatga qoʻshilgan, BMT tomonidan qabul qilingan 10 ta xalqaro shartnomaning bevosita ishtirokchisidir. Milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning oʻz modeli, insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirildi.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti sifatida oʻrni va rolini yanada oshirdi. Xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qoʻshnichilik muhiti izchil rivojlantirildi.
Yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, adolatni qaror toptirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi maʼruzasini tinglagan davlatlar rahbarlari, dunyo jamoatchiligi Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlarga oʻz bahosini berdi. Bu esa mamlakatda davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga eʼtiborini kuchaytirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan samarali tadbirlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida tuzilma rahbarlari bilan uchrashuvlari chogʻida 2018 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumini oʻtkazish tashabbusini bildirgan edi.
Ayni paytda Samarqandda 22-23 noyabr kunlari oʻtkaziladigan mazkur forumga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Unda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qitʼasida inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanuvchi institutlar rahbarlari, huquqshunos olimlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, forumda deklaratsiya normalari ijrosi, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik huquqlarining universalligi, ularning oʻzaro aloqasi, erishilgan yutuqlar va inson huquqlari boʻyicha majburiyatlarni bajarishdagi muammolar koʻrib chiqiladi. Eʼtiborli tomoni shundaki, forum yakunlari boʻyicha inson huquqlari himoyasi yuzasidan Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Inson shaʼni, qadr-qimmati ulugʻlangan, barcha islohotlar xalq manfaatlariga qaratilgan mamlakatimizda bunday yirik xalqaro forumning oʻtkazilishi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi keng nishonlanishi yurtimizda mazkur masalaga ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Sodiq Nazarov,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
akademik litseyi direktori oʻrinbosari.

 

OʻzA