Poytaxtimizda V Xalqaro simfonik musiqa festivali boshlandi. Mazkur ijodiy loyiha Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Respublika “Tasviriy oyina“ ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab poytaxtimizdagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi.
Mamlakatimizda milliy sanʼatimizga koʻrsatilayotgan eʼtibor musiqa sohasida ham oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda. Ayni gʻamxoʻrlik ijodiy tashkilotlarni yanada faol ishlashga, yoshlarning musiqiy didini yuksaltiruvchi turli tanlovlar, festivallar, konsert va uchrashuvlarni muntazam tashkil etishda, unga sanʼat ixlosmandlarini tobora koʻproq jalb etishda asosiy omil boʻlmoqda.
Yurtimizda beshinchi marta oʻtkazilayotgan xalqaro simfonik musiqa festivali ayni ijodiy loyihalardan biridir. U turli davlatlar musiqachilarining oʻzaro fikr va tajriba almashishi, ijodlarini atroflicha tahlil etish va oʻrganishda, musiqa shinavandalarini jahon musiqa jamoatchiligining eng sara namunalaridan bahramand etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Festivalda Avstraliya, Rossiya, Qozogʻiston, Chexiya, Vyetnam va boshqa davlatlardan ishtirokchilar qatnashmoqda. 9-noyabrga qadar davom etuvchi festivalda simfonik musiqaga oid rang-barang konsertlar, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, muloqotlar, anjuman oʻtishi koʻzda tutilgan.
– Bunday festival ijodkorlarning fikr va tajriba almashishi uchun ajoyib imkoniyatdir, – deydi avstraliyalik musiqachi Andrian Petut. – Bu yerga kelib yurtingizda sanʼat va madaniyat, ijod ahli davlatning doimiy eʼtiborida ekaniga guvoh boʻldik. Bu kabi musiqa bayramlari ijodkorlarga chinakam ilhom va zavq bagʻishlashi shubhasiz.
Festival doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida Rossiya, Vyetnam, Avstraliya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston kompozitorlari uyushmalari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
V Xalqaro simfonik musiqa festivali Oʻzbekiston hamda xorijiy musiqachilarning konsert dasturi bilan boshlandi.