Buyuk adib haqida yangi kitob

Prezidentimizning joriy yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi qarori ijrosi doirasida Fargʻona viloyatida ham turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, adabiy kechalar oʻtkazilmoqda.
Chingiz Aytmatov asarlarini mutolaa qilgan oʻquvchi hayot, inson, olam, tiriklik haqida oʻzi uchun koʻp xulosalar oladi. Adibning ezgulik va gumanizm gʻoyalari, milliy va umumbashariy qadriyatlar ulugʻlangan, turli millatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan asarlari mamlakatimizda millionlab nusxada nashr etilmoqda.
Buyuk adibning oʻlmas badiiy merosini targʻib etish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida oʻquvchilarni boxabar qilish borasida ham adabiyotshunos olimlar tomonidan bir qator ishlar olib borilmoqda.
Taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Yoʻldosh Solijonovning “Fargʻona” nashriyotida “Chingiz Aytmatov – adolat va haqiqat kuychisi” deb nomlangan kitobi chop etildi.
Fargʻona davlat universitetida mazkur kitobning taqdimoti oʻtkazildi. Unga adabiyotshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, talabalar taklif etildi.
Kitobda mashhur adib Chingiz Aytmatovning hayot va ijod yoʻli, ilk hikoyalaridan tortib, qissa va romanlarigacha, ulardagi qahramonlar ruhiyati, voqealar talqini, shuningdek, buyuk adib ijodining oʻzbek adabiyoti rivojidagi oʻrni, asarlaridagi badiiy tahlil qalamga olingan.
– Chingiz Aytmatov oʻzbek yozuvchilari ijodiga, oʻzbek adabiyotiga bevosita va bilvosita taʼsir koʻrsatgan adiblardan biridir, – deydi Y.Solijonov. – Adib oʻzbek xalqi, adabiyot ixlosmandlari uchun nihoyatda qadrli va sevimli. Uning asarlarini qayta-qayta mutolaa qilish har gal yangi va oʻziga xos jihatlarni namoyon qilaveradi. Mazkur kitob esa bizga adib hayoti va ijodi, adabiyotga qoʻshgan hissasi, boy madaniy merosi xususida hikoya qiluvchi muhim manba boʻlib qoladi.

 

M.Sulaymonov, OʻzA