Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Toshkent viloyati Bekobod shahriga tashrif buyurib, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizning eng yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri boʻlgan ushbu kombinatda qora metall parchalari va chiqindilar qayta ishlanib, sirlangan idishlar va boshqa xalq isteʼmoli mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Prezidentimizning 2018-yil 9-yanvardagi “2018-2020-yillarda ”Oʻzmetkombinat“ AJni rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida kombinatda katta hajmdagi iqtisodiy loyihalar amalga oshirilib, yaxshi natija bermoqda.
Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexi shulardan biridir.
Davlatimiz rahbari loyiha qiymati 60 million dollar boʻlgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu sexni tantanali ravishda ishga tushirdi.
Tadbirda korxona ishchilari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.
Har qarich yerdan unumli foydalanish, qoʻshimcha ishlab chiqarish obyektlarini qurish, yangi ish oʻrinlari yaratish kerak, dedi Prezidentimiz.
Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan sexda yiliga 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes qotishmalari ishlab chiqariladi. Bu metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini toʻliq qondirish bilan birga, yiliga oʻrtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini taʼminlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi. Bu yerda 300 dan ziyod yigit-qiz ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun tamal toshi qoʻydi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 452 million dollar boʻlib, 400 dan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Loyiha 2020 yilda toʻliq ishga tushirilib, yiliga 1 million tonna 2-12 millimetr qalinlikdagi qoʻshimcha poʻlat list mahsulotini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Natijada poʻlat listlar importi kamayadi. Yiliga 350 million dollar valyuta iqtisod qilinadi. Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi boʻlgan issiq holatda prokatlangan listlarga boʻlgan 500 ming tonna yillik ehtiyoj toʻliq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasining qurilishi Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev kombinat ishchi-xodimlari bilan suhbatlashdi. Ularning samarali mehnat qilishi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.
Toshkent viloyatining investitsiya salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.
Loyihalarni yanada takomillashtirish boʻyicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Davlat rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

Alouddin Gʻafforov, OʻzA