Oʻzbek sanʼatida yangi davr boshlandi

Mustaqilligimizning 27 yillik toʻyini katta tantana, shodu xurramlik bilan nishonlash arafasida turibmiz.
“Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostidagi bu qutlugʻ bayram shukuhi hammamizning qalbimizga yuqori kayfiyat, koʻrarinki ruh baxsh etmoqda.
Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!
Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, keyingi yillarda mustaqillik, deb atalmish ulugʻ neʼmatning qadr-qimmatini, hayotimizda tutgan oʻrni va ahamiyatini yanada teranroq anglay boshladik. Chunki istiqlol tufayli barchamiz erkin, baxtli va farovon hayot kechirish, isteʼdod va qobiliyatimizni toʻla namoyon etish imkoniyatiga ega boʻldik.
Mana, yigirma yetti yildirki, xalqimiz bu kunni muqaddas bilib, katta tantanalar bilan nishonlab keladi. Chunki mustaqillik bizning aziz va yagona bayramimiz hisoblanadi. Har yili ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan bosib oʻtgan yoʻlimizni, amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilib olamiz.
Oʻtgan bir yil davomida ham barcha sohalar singari sanʼat sohasida ham oldinga siljish, rivojlanish, katta yangiliklar boʻldi.
Bu rivojlanish oʻtgan yil Prezidentimizning Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari bilan boʻlgan yigʻilishdan soʻng, ayniqsa, sezildi, desam xato boʻlmaydi. Oʻshanda oʻzbek sanʼatidagi saviyasizlik, maʼnaviyatni oshirishga xizmat qilmaydigan kuy-qoʻshiqlar koʻpayib, bu holat yosh avlodga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlangan edi.
Darhaqiqat, televideniye orqali uzatilayotgan baʼzi kliplar oila, farzandlar davrasida tomosha qilib boʻlmas darajasiga kelib qolgan edi. Musiqaga nomunosib klip, unda rol ijro etayotganlarning harakatlarida Gʻarbga taqlid sezilib turadi. Eng muhimi, mana shunday kliplardagi ochiq-sochiq kiyinganlarning koʻpchiligini yoshlar tashkil etadi.
Buni teran anglagan davlatimiz rahbari mazkur muammolarni yechish maqsadida “Oʻzbekkonsert” qoshida “Oʻzbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish taklifini bildirdi. Oradan koʻp oʻtmay bu gʻoyat amalga oshdi. Klubning bir necha marotaba yigʻilishlari oʻtkazildi. Ularda yuqoridagi mavjud muammolarga barham berish, sanʼat sohasiga endi kirib kelayotgan yoshlarning mahoratini oshirish, ular qalbida sanʼatga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalarni uygʻotishga harakat qilinayotir. Klub aʼzolari tez-tez uchrashishi natijasida yosh sanʼatkorlarning ijodi har tomonlama oʻrganilmoqda, klip yoki ashulada uchragan kamchiliklar muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda faoliyat yuritayotgan musiqa va sanʼat maktablarida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Ularda xalq artistlari oʻquvchi-yoshlar bilan ijodiy kechalar oʻtkazib, koʻzi yonib turgan bolalarga sanʼat sirlaridan saboq bermoqda.
Oynai jahon orqali koʻplab chiqish qilib, elu xalq tanigan mashhur sanʼatkorlar bilan uchrashgan yoshlar oʻz oldiga ulkan maqsad qoʻyib, sanʼat olamiga dadil qadamlar bilan kirib borishga harakat qilmoqda. Oʻzimdan qiyos. Men ham ayni paytda Toshkent shahridagi 18-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida doimiy ravishda ijodiy uchrashuv hamda mahorat darslari tashkil etib kelayapman. Bu yerga qatnashuvchilar soni har doimgidan ancha oshgan.
Oʻylaymanki, katta sahnada uzoq yillardan buyon ijod qilib, xalqning olqishiga sazovor boʻlgan sanʼatkorlarning bu sohaga ilk qadamini tashlayotgan bolalar bilan uchrashuvlar, mahorat saboqlari oʻtkazishi kelajakda saviyasi past, yengil-yelpi ashula yoki kliplar avj olishining oldini oladi.
Oʻsha yigʻilishda Davlatimiz rahbari estrada sanʼati, xalq ogʻzaki ijodining naʼmunasi boʻlgan – baxshichilik sanʼati beeʼtibor qolayotgani haqida ham qaygʻurgandi.
Oʻzbek xalqining uzoq tarixiga ega dostonchilik va baxshichilik maktabi xalqimizning tom maʼnodagi milliy gʻururidir. Xalq ogʻzaki ijodiyoti odamlarni mardlik, shijoat va yurtga sodiq boʻlishga chorlab, insonparvarlik gʻoyalarini keng targʻib etadi. Lekin soʻnggi paytlarda mazkur sanʼatning avloddan avlodga oʻtishida yetarlicha sharoit boʻlmagani bois, baxshichilik sanʼati yoʻqolib ketish arafasida edi. Chunki baxshichilik sanʼatini oʻrgatadigan muassasa, maktab yoki toʻgarak mavjud emas edi.
Aynan oʻsha uchrashuvdan soʻng Surxondaryoning Termiz shahrida 22-sonli bolalar musiqa, sanʼat va baxshilar maktabi barpo etildi. Barcha shart-sharoit muhayyo etilgan maskanda bugungi kunda koʻplab talabgor yoshlar tajribali baxshilardan baxshichilik sanʼatining sir-asrorlarini puxta oʻrganmoqda.
Endilikda bu maskanda baxshilar ijodini oʻrganish, tadqiq etish, xalq ogʻzaki ijodi durdonalarini toʻplab, nashrdan chiqarishga qiziqish ortib bormoqda. Bu ezgu ishlarning samarasi oʻlaroq, yaqinda viloyatning Oltinsoy tumanida respublika baxshilar konkursi oʻtkazildi. Unda 500 dan ziyod, kattayu kichik, oʻzbek baxshichiligini rivojlantirishga hissa qoʻshishni astoyidil maqsad qilgan baxshilar ishtirok etdi. Bunday sanʼat musobaqalarida qatnashib, oʻz ijodini omma oldida namoyish etish baxtiga muyassar boʻlgan yoshlarning quvonchlari cheksiz.
Mahmud Namozov,
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston
xalq artisti.

 

OʻzA