O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq,  haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;

sport maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;

har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;

ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda yoshlar yetakchilari hamda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari va boshqa ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi.

Sport maktablarida “Face ID” tizimi orqali trenerlar va sport bilan shug‘ullanuvchilarning kunlik davomatini elektron monitoring qilib borish hamda trenerlarning ish haqi miqdori o‘quvchi-sportchilar davomatidan kelib chiqib belgilanishi yo‘lga qo‘yiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyati quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:

olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;

mahorat maktablari faoliyati sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;

mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi;

mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.

Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarga o‘zi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Mazkur trenerlarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi va o‘z hududidagi sport maktabiga biriktiriladi.

O‘zA