Mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan shu yil 5 sentyabrda imzolangan “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror dasturilamal bo‘lmoqda.
Xususan, hujjatga muvofiq, 2024 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati hamda 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish belgilangan.
Buning doirasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadigan “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratilib, ishga tushiriladi. Binobarin, shu yil yakuniga qadar bemorning barcha tibbiy ma’lumotlari asosida shakllantirilgan va tibbiyot muassasalarining o‘zaro uzviy hamkorligini ta’minlaydigan “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari yo‘lga qo‘yiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari qarorida belgilangan ana shu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar ijrosi tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda vazirlik matubot xizmati xabar berdi.
“Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori Eldor Odilov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari Olim Omonov va Farrux Sharipov boshchiligida o‘tgan tadbirda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari, texnik xodimlar hamda “UZINFOCOM” MCHJ vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, raqamli texnologiyalarni birlamchi bo‘g‘ingacha bosqichma-bosqich joriy etish uchun, birinchi navbatda, ushbu muassasalarni lokal tarmoq va kompyuter texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar va zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlash talab etiladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – tibbiyot xodimlariga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaslik. Ularning tayyor tizimdan oson va qulay foydalanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish lozim.
Yig‘ilishda Prezidentimiz qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi davlat tibbiyot muassasalarini axborot-kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalari bilan ta’minlash holati tahlil qilinib, bu borada Sirdaryo viloyatida vazifalar ijrosi sust ketayotgani tanqid ostiga olindi. O‘z navbatida, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda shifoxonalar faoliyatining barcha jarayonlarini qamrab oluvchi, shuningdek, davlat statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan fuqarolar shaxsini aniqlash imkonini beruvchi axborot dasturlarini yaratishga doir ishlar muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
M.Qosimova, O‘zA