Maqom san’ati o‘zbek xalqining musiqiy ensiklopediyasidir. Unda xalqimizning qadimiy tarixi, ma’naviy dunyosi, badiiy falsafasi, ruhi mujassam. Shu bois necha asrdirki, maqom bebaho madaniy meros sifatida ardoqlanib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor SAYFULLAYEV bilan O‘zA muxbirining suhbati yurtimizda ushbu san’atni asrash, chuqur o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida bo‘ldi.
– Dunyoda milliy maqomchilik an’analarini yarata olgan xalqlar sanoqli. Maqomni eshitganimizda qalbimizda ajib hislar uyg‘onadi. Undagi dard, ohang, rang-baranglik ruhiyatimizga sokinlik olib kiradi. Musiqaning ta’siri, sehri ana shunday qudratga ega.
Bugun mumtoz san’atimizni chuqur o‘rganish, uning nozik sir-asrorlarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018-yil 6-apreldagi “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarorlari o‘zbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim hujjatlar bo‘ldi. Bu hujjatlarda maqom san’atini yanada rivojlantirish va uni butun dunyo bo‘ylab tan olinishiga imkon yaratish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan.
O‘zbek mumtoz musiqasida maqom janri yetakchi o‘rinni egallaydi. Maqomlar juda qadim zamonlarda Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari musiqa madaniyatida mavjud bo‘lgan. U yetuk sozanda va xonandalar tomonidan yaratilgan va IX-X asrlarda rivojlanib, yangi vositalar bilan boyigan.
Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy va shakl tuzilishlari, lad va usul tizimlari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom musiqa, she’riyat va raqs san’atlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir.
O‘zbekistonda maqom asarlari va turkumlari – Buxoro “Shashmaqom”i, “Xorazm maqomlari” va “Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari” turkumlari, shuningdek, uning lokal variantlari – Toshkent irog‘i, Qo‘qon irog‘i, Samarqand ushshog‘i, Farg‘ona “Surnay maqom yo‘llari”, Xorazm “Dutor maqom turkumi”, “Feruz” turkumi va boshqalar mavjud.
Bugun mumtoz san’atimizni chuqur o‘rganish, uning nozik sir-asrorlarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bunday g‘amxo‘rlik, tabiiyki, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalab, estetik didi hamda tafakkurini shakllantirish, xalqimizning maqom san’atiga bo‘lgan hurmatiga munosib bo‘lish, ular orziqib kutayotgan yangi-yangi “javohir”larni yaratishga undaydi.
– Maqom san’atini yoshlarga singdirish, uni tinglay olish qobiliyatini shakllantirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Maqom san’atini yoshlar ongiga singdirib borish va ularda maqom namunalarini tinglash qobiliyatini shakllantirish juda muhim. Yuqorida nomi keltirilgan qarorda belgilab o‘tilgan vazifalar asosida maqom san’atini yoshlar ongiga sindirish va ularni maqom san’atiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etildi.
Markaz tomonidan yillik reja asosida joylarda, ta’lim muassasalarida maqom kechalari o‘tkazish va maqom san’ati mazmun-mohiyatini hamma tushunadigan tarzda targ‘ib qilish masalasi ko‘tarilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tomonidan yoshlarni psixologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, maqom namunalarini saralab olish va ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonida foydalanish uchun uslubiy qo‘llanmalar va maqom alifbosi darsliklari ishlab chiqarilmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalaridan to oliy ta’lim muassasalarigacha darslik va audio disklar orqali darslar kiritilishi rejalashtirilgan.
Bu maqom san’atini ommalashtirish, uning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga bolalagidan singdirish imkonini beradi. Shunda maqom kechalari keksa insonlar bilan emas balki, mumtoz san’atimizni tushunadigan san’atsevar yoshlar bilan gavjum bo‘ladi.
– Bugungi kunda yoshlarga maqom san’ati qay darajada o‘rgatilmoqda?
– Yurtimizdagi eng katta san’at oliygohi – O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “An’anaviy xonandalik va sozandalik” kafedrasi mavjud. Ushbu kafedra maqom ta’limi yo‘nalishida ish olib boradi. Lekin bu maqom targ‘iboti nuqtai nazaridan juda kam. Hozir barcha viloyatlarda san’at kollejlarida “An’anaviy ijrochilik” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu bo‘limlarda yoshlar maqom sirlarini o‘rganmoqda.
Endilikda bu faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida Prezidentimiz qaroriga asosan har bir viloyat markazida namunaviy “Maqom” ansambllari tashkil etildi. Bu yoshlarimizning maqom san’ati borasida ijodiy faoliyat olib borishiga mustahkam zamin yaratadi.
– Maqom san’atiga jahonda qiziqish qanday?
– Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharqda keng tarqalgan bu qadimiy san’at jahon musiqashunoslarining doimiy e’tiborida bo‘lgan. Sababi, bu hududlardan yetishib chiqqan Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Abdurahmon Jomiy, Hofiz Sheroziy kabi buyuk mutafakkirlarning adabiy merosini maqom san’atidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ana shu jihatdan, jahon adabiyoti va san’atida mushtarak g‘oyalar va umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishida maqomning o‘rni beqiyos.
Bugun o‘ndan ortiq mamlakat o‘z maqomiga ega. Hindistonning “Raga”si, Pokistonning “Kavalli”si, Eronning “Dastgoh”i, Jazoirning “Nuga”si, Ozarbayjon va armanlarning “Mug‘om”i, arablarning “Maqom”i, uyg‘urlarning “Muqom”i bor. Tabiiyki, bu xalqlarda maqom yuksak darajada rivojlangan. Ulardagi zabardast ijrochilar O‘zbekistonga kelib mahoratini ko‘rsatsin va o‘z navbatida, milliy musiqiy merosimiz naqadar buyukligini ko‘rsin, degan maqsadda Prezidentimiz qarori bilan joriy yildan boshlab Shahrisabzda har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazilishi belgilandi. Bu anjuman maqom ustalari bo‘lgan xonandayu sozandalar uchun o‘ziga xos mahorat maydoniga aylanishiga ishonchimiz komil.
– Xalqaro maqom san’ati anjumaniga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida ham so‘zlab bersangiz.
– San’at dunyo xalqlarini ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi. Halqaro maqom san’ati anjumanidan ko‘zlangan maqsad ham shu. Bu anjuman o‘zbek milliy maqom san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Anjumanda maqomot san’ati rivojlangan va mavjud bo‘lgan Eron, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Misr, Iroq, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston singari dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan san’at ustalari, maqom shinavandalari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Anjumanni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vazirligimiz qoshida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, guruh anjumanni o‘tkazishga doir barcha masalalarni qamrab olgan holda ish olib bormoqda. Xalqaro ilmiy anjuman dasturini tayyorlash va ishtirokchilarni shakllantirish borasida ishchi guruh tomonidan qilinishi rejalashtirilgan ishlar belgilab olindi. Ayni paytda O‘zbek milliy maqom san’ati markazida anjumanga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in ketmoqda.
Joriy yil sentyabr oyida ilk marotaba o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumani san’atsevar xalqlarni maqom yo‘llari va mumtoz namunalaridan keng bahramand etish, ularni milliy musiqamizning betakror sadolariga oshno etishda muhim voqea bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi