Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchilarining hisobotlari eshitildi. Mazkur eshituvlar Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida tashkil etildi.
Oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan investitsiya loyihalari va savdo bitimlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, Qozog‘istondagi elchixonaning bevosita ko‘magida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 29 ta investitsiya loyihasi va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Senatorlar eksport hajmini oshirish va Qozog‘iston bilan savdoda ijobiy savdo balansiga erishish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish muhimligini qayd etdi.
O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi faoliyati tahlilida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning har tomonlama mustahkamlangani, ikki mamlakat fuqarolarining davlat chegarasini milliy guvohnomalari asosida kesib o‘tish mexanizmi joriy etilgani, ikkita qo‘shimcha o‘tkazish punkti ochilgani qayd etildi. Shu bilan birga, eksport tovarlar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish tavsiya etildi.
Mamlakatimizning Tojikistondagi elchixonasi faol ishtirokida 150 million dollarga yaqin investitsiyaviy bitimlar tuzildi va 100 million dollarga yaqin hajmda eksport shartnomalari imzolandi. Shuningdek, senatorlar elchixona biriktirilgan Toshkent viloyatidagi investitsiyaviy takliflarni faollashtirish lozimligini ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Turkmanistondagi elchixona tomonidan 80 dan ortiq o‘zaro tashrif, 200 dan ortiq tadbir tashkil etildi.
Ochiq va xolisona muhokama davomida mahalliy hokimliklar hamda korxonalar tomonidan diplomatik vakolatxonalarning investitsiya loyihalari va eksport bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani haqida tanqidiy fikrlar bildirildi. Tarmoqlar va hududlar investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asosnomalarini xalqaro standartlar talablariga to‘liq mos holda tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga o‘z faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha batafsil tavsiyalar berildi va aniq vazifalar belgilandi.
Majlis yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA