O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 25 iyun kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan Urganch xalqaro aeroportida Mo‘g‘uliston rahbari va uning rafiqasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux dastlab Xiva shahridagi Nurillaboy saroyida bo‘ldi. Mazkur saroy XX asr boshlarida bunyod etilgan, madrasa, 100 dan ortiq xona va galereyalardan iborat tarixiy majmuadir. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etgan, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalar ichki ko‘rinishi, kaminlari, Venetsiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.
Mo‘g‘uliston rahbari va uning rafiqasiga saroy tarixi haqida ma’lumot berildi.
Tarixiy majmua 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan rekonstruksiya va restavratsiya qilingan.
Majmua oliy martabali mexmonlarda katta taassurot qoldirdi.
So‘ngra Mo‘g‘uliston Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Xiva shahridagi “Ichan qal’a” majmuasini tomosha qildi.
Ma’lumki, ochiq osmon ostidagi muzey deb nom olgan “Ichan qal’a” majmuasi YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 26 gektar maydonda 58 ta tarixiy-me’moriy obida joylashgan muzey-qo‘riqxonaning faoliyat boshlaganiga 104 yil to‘ldi. 2020 yilda shahar Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti, deb e’lon qilindi.
Bu yerdagi osori-atiqalar mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Oliy martabali mehmon tashrif davomida qadimiy shahardagi Ko‘k minora, Ko‘hna ark saroyi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Islomxo‘ja minorasi, Juma masjidi, Toshhovli majmualarini tomosha qildi.
Ichan qal’aning qadim ko‘chalarida mehmonlar sharafiga folklor jamoalarning chiqishlari, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Delegatsiya vakillari muzey-qo‘riqxona xodimlari, sayyohlar, hududda faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Xorazmning tarixi, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar, boy madaniyati va san’ati mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Tarixiy obidalarga sayohat yakunlangach, oliy martabali mehmon sharafiga dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri