Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida respublika umumta’lim maktablarida barcha fanlardan a’lo baholarda o‘qib, yakunlovchi imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchi yoshlarimizga oltin va kumush medallarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, barcha bitiruvchi yoshlarni qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarni bilimli, jismoniy chiniqqan insonlar qilib tarbiyalash va kamolga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shuning uchun ham, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va ularni munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning yorqin misoli sifatida birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zida oliy ta’lim maskanlari soni 2016 yildagi 6 tadan 12 taga, talaba bo‘lish ko‘rsatgichi 9 foizdan 41 foizga yetkazildi. O‘tgan yilda 10 ming nafar yosh qo‘shimcha kvota asosida talaba bo‘lgan bo‘lsa, bu ezgu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, yana qo‘shimcha 6 ming 500 kvota ajratilmoqda.
Yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini berib, 267 nafar bitiruvchi muddatidan oldin yurtimizdagi va dunyoning obro‘li oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi. Maktabni bitirgan 22 ming nafardan ortiq o‘quvchidan 648 nafari oltin, 188 nafari kumush medal egasiga aylandi.
Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari