Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sardori va Italiyaning “Kalyari” klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning mashg‘ulot jarayonida olgan jarohati milliy terma jamoamiz uchun ham, “Kalyari” futbol klubi uchun ham ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasida uning o‘rnini kimlar egallashi mumkinligi borasida muxlis-u mutaxassislar o‘rtasida qizg‘in fikrlar bildirilayotgan bir paytda “Kalyari” jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri Italiya chempionatining navbatdagi turi oldidan o‘tgan matbuot anjumanida Shomurodovning jarohati jamoaning hujum chizig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytib o‘tgan.
“Kalyari” jamoasi Italiya chempionati va kubogi doirasidagi kamida 7 ta o‘yinda Shomurodov xizmatidan foydalana olmasligi bildirilmoqda.
Vaziyatning ayni ko‘rinishda kechishi Shomurodov 2024 yilning 12 yanvar— 10 fevral kunlari Qatar futbol maydonlarida o‘tadigan Osiyo kubogi o‘yinlarida ishtirok eta olmasligini anglatmoqda.
Xo‘sh, Osiyo kubogi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasida Shomurodov o‘rniga kim maydonga tushadi? Bu borada turfa fikrlar mavjud. Terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets bu borada Oston O‘runov, Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeyev, Bobur Abduxoliqov xizmatidan foydalanadimi yoki umuman boshqacha taktika qo‘llaydimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA