Mamlakatimizning barcha hududlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Ma’naviyat marafoni” doirasida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosida qator tadbirlar tashkil etildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Ma’naviyat marafoni”ning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari T.Atamuratov, Nukus davlat pedagogika instituti rektori vazifasini bajaruvchi Q.Qodirov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori Q.Ismaylov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yosh avlodni zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularni turli yot va begona ta’sirlardan asrash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Bu borada har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Ma’naviyat marafoni” doirasidagi tadbirlar alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Ushbu tadbirlarning “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki donishmand xalqimizning “Elning kuchi – birlikda, elning baxti – tinchlikda”, deganidek, birlashgan xalq, birlashgan jamiyat o‘zining bunyodkorlik salohiyati bilan buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Marosim ishtirokchilari institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlarning so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlarini aks ettiruvchi, shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati namunalari hamla kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilariga mazkur oliy o‘quv yurtining “To‘maris” ashula va raqs ansambli, “Siy parda” va “Tarannum” ansambllari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

“Ma’naviyat marafoni” doirasidagi tadbirlar eng chekka hududlarda ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Mo‘ynoq tumanidagi 5-umumta’lim maktabida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni  va “Shuhrat” medali sohibasi K.Nasirova ishtirokida “Bu kitobni har bir inson o‘qishi kerak” mavzusida mahorat darsi, tuman Madaniyat markazi kutubxonasida Axborot- kutubxona markazi bilan hamkorlikda ilmga qiziquvchan yoshlar ishtirokida “Inson kitob bilan, kitob inson bilan tirik” loyihasi, o‘quvchilarda vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish  maqsadida 4-umumta’lim maktabida “Vatanim  bayrog‘ini baland ko‘taraman!” nomli estafeta bayrog‘i uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, tumanlarda “Kasb-hunar olimpiadasi”, “Baxtli bo‘lish o‘z qo‘limizda”, “Fazilatli xalq” loyihalari, “Eng yaxshi ixtiro va kashfiyot”, “Eng yaxshi ijodiy ish”, “Eng yaxshi mahsulot” ko‘rgazmalari, “Ajdodlar  mardona ruhi bizga yor!” mavzusida she’rlar va rasmlar tanlovi, “Ma’naviy ekskursiya” loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun teatr va muzeylarga sayohat kabi qator tadbirlar tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari