Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasi ostida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirliklar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari hamda kasaba uyushmalari faollari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi.

Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan 2023 yil ish rejasiga, shuningdek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” chora-tadbirlariga muvofiq bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Jumladan, jamoat shartnomalari orqali har bir ishlovchiga o‘rtacha hisoblangan mablag‘ miqdori 4984,3 ming so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sgan.

Joriy yilning 10 oyi davomida Davlat dasturi doirasida korxona, tashkilot va muassasalarda jamoat shartnomalari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlangan oilalar, ishlovchi pensionerlar, korxonada avval ishlagan xodimlar, nogironlar, xotin-qizlar va yoshlarni moddiy tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 10 ming 241 nafar xodimga jami 3 milliard 584 million 659 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida belgilangan topshiriqlar hamda 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda uchrayotgan muammolar va ularni hal etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar haqida”gi majlis bayoniga muvofiq, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Bo‘zatov tumanida sanatoriyaning qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Nukus shahri “Chimboy guzari” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi zamonaviy turdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining qurilishi ham boshlandi.

2023 yil yoz mavsumida 11 statsionar turdagi oromgohda jami 7 ming 670 nafar, 69 ta madaniyat va sport maydonchasida 16 ming 750 nafar bola dam oldi. Shu bilan birga, joriy yil 2-9 yanvar kunlari bolalarning qishki o‘quv ta’tilida 100 nafar, 18-24 mart kunlari bahorgi o‘quv ta’tilida 100 nafar, jami 200 bola Mo‘ynoq tumanidagi “Oq kema” oromgohida sog‘lomlashtirildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi diqqatga sazovor joylarga 2 ming 646 nafar hamda tarixiy shaharlarga 2303 nafar xodim va ularning oila a’zolari sayohati uyushtirildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 1 milliard 255 million so‘m mablag‘ sarflandi. Korxona va tashkilotlarda ishlovchi 13 ming 91 nafar xodim teatr va muzeylarga olib borildi.

Joriy yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli sanatoriyalarida Qoraqalpog‘istondan 3 ming 220 nafar kishi imtiyozli yo‘llanma bilan ta’minlanib, shundan 259 nafari bepul sog‘lomlashtirildi. Kengash tomonidan 28 nafar kam ta’minlangan oilaga 18 million 620 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarning muammolari “mahallabay” o‘rganildi. 452 ta fuqarolar yig‘inidan 30 yoshdan yuqori bo‘lgan jami 55 ming 51 nafar xotin-qiz 6 ta toifa bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritildi. Joriy yil 1 noyabr holatiga “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan 49 ming 798 nafar xotin-qizga toifalar bo‘yicha yordam berildi.

Tadbirda bir qator faollar Qoraqalpog‘iston Respublikasi unvoni hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini ta’minlash hamda ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovining O‘zbekiston Respublikasi bosqichi g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Vatanimiz rivoji va uning qudratini oshirish yo‘lidagi ishlarda faol ishtirok etgan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, kasaba uyushmalarining obro‘sini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir qator xodimlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining “Ehtirom nishoni”ga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari tomonidan yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda aholi turmush darajasini oshirishga, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga hamda ularning salomatligini tiklashga, madaniyat va sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir qator xodimlar hamda faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir san’at ustalari ijrosidagi bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari