FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 4 noyabr kuni start olgan “Toza shahar” (Toza qala) aksiyasi shahar markazi maydonida gala-konsert bilan yakunlandi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A. Orinbayev ishtirok etib, shahar ko‘cha va xiyobonlari, mahallalari hamda atrof-muhit tozaligi va obodligini ta’minlashda, ko‘chat ekish ishlarida faol qatnashgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, bir qator oliy ta’lim dargohlari, korxona va tashkilotlar vakillari, mahallalar faollari hamda talaba-yoshlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Ta’kidlash kerak, aksiyada oliy ta’lim dargohlari bilan mahallalardan 15 mingdan ziyod ko‘ngilli o‘g‘il-qiz hamda 40 mingga yaqin fuqaro faollik ko‘rsatdi. Ular ko‘magi bilan 225 gektarga yaqin yer maydoni obodonlashtirilib, hududga 3 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan gala-konsert tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat),O‘zA fotomuxbiri