Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston – xalqlar do‘stligi zamini” shiori ostida millatlararo do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, respublikada faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar, Belarus Respublikasi Polessk davlat universiteti vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari bir oila farzandidek teng huquqli va ahil yashab kelayotganini, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, madaniyati, urf-odatlarini asrash va rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, Vatanimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolarning millati, diniga qaramasdan teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.

Darhaqiqat, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, turli millat va elatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitishga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu, o‘z navbatida, Vatanimizning yanada taraqqiyoti, ko‘p millatli xalqimiz o‘rtasida do‘stlik va totuvlik uchun xizmat qilmoqda.

Festival doirasida talaba-yoshlar tomonidan “Milliy qadriyatlarning eng faol targ‘ibotchisi”, “Yosh oshpazlar” tanlovlari, psixologik treninglar, milliy urf-odat va an’analarimiz bo‘yicha sahna ko‘rinishlari, rassomlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, milliy-madaniy markazlarning ko‘rgazmasi hamda o‘quv yurti talaba-yoshlari ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari