Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlarida qonunchilik talablariga rioya qilinishi holatlarini monitoring qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Masofaviy monitoring tadbirlarida ayrim davlat buyurtmachilari tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Jumladan, Zafarobod tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi buyurtmasi asosida sport inventarlari xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan 286 million so‘mlik;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi tomonidan yozgi majlislar uchun charm tomli so‘ri qurish o‘tkazilgan 912,4 million so‘mlik;

Samarqand shahridagi Prezident maktabi buyurtmasi asosida maktab formalari xarid qilish uchun o‘tkazilgan 311,8 million so‘mlik;

Qiziltepa tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan transportda yuk tashish xizmati ko‘rsati yuzasidan o‘tkazilgan 300 million so‘mlik;

“2 – ko‘prikqurilish otryadi” unitar korxonasi buyurtmasi asosida  qolip ehtiyot qismlari xarid qilish uchun o‘tkazilgan 868,5 million  so‘mlik;

Samarqand yo‘lovchitrans davlat korxonasi tomonidan “40 ta avtobekatga o‘rnatilgan LED displeylarni qabul qilish kartalari va elektron modullarini ko‘chaytirish xizmati uchun o‘tkazilgan 494 million so‘mlik;

Quva tumani 62-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati buyurtmasiga ko‘ra quyosh panellari yetkazish va  o‘rnatib berish xizmati uchun o‘tkazilgan 200 million  so‘mlik;

Payariq tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan generator xarid qilish uchun o‘tkazilgan 300 million so‘mlik;

Bulung‘ur tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi buyurtmasiga asosan emulsiya va kraska sotib olish yuzasidan o‘tkazilgan 42 million so‘mlik davlat xaridlarida qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ushbu xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari xarid komissiyasi a’zolari foydalangan qurilmalar (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan hamda ishtirokchilarning takliflari xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlariga zid ravishda baholangan.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning raqobat va xolislik prinsipi, manfaatlar to‘qnashuvi, xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari, davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar bilan bog‘liq me’yorlari buzilgan.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom  talablariga amal qilinmagan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan xarid komissiyalarining bayonnomalarini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga kiritilgan taqdimnomalarga aosan qonunbuzarliklar bartaraf etildi.

Shuningdek, ushbu holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.

N.Abduraimova, O‘zA