Joriy yil 15-avgustda Prezidentimizning “Uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tizimda qanday oʻzgarishlar amalga oshirilishi haqida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov quydagilarni soʻzlab berdi:
– Qarorga muvofiq, 2024-yil yanvardan boshlab notarius tomonidan koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlar mulkdorning majburiy badal boʻyicha qarzdorligi mavjud emasligi aniqlanganidan soʻng tasdiqlanishi belgilandi.
Shu bilan birga, yangi mulkdorga unda uy-joyga boʻlgan mulk huquqi yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha majburiy toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati yuklanadi.
Bugungi kunda koʻp kvartirali uylarni ekspluatatsiya qilish tariflarining oʻrtacha miqdori 1 metr kvadrati uchun 554 soʻmni tashkil qiladi. Misol uchun, Toshkent shahrining Yunusobod, Chilonzor, Yashnobod tumanlarida tarif 800 soʻmgacha boʻlib, ushbu mablagʻlar ekspluatatsiya xarajatlarini qoplamaydi.
Bu boshqaruv tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Shu bois qaror bilan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini belgilashi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, koʻp kvartirali uyga qarz va kreditlarni jalb qilish boʻyicha qaror notarial tasdiqlanishi va unga mulkdorlarning yuz foiz ovoz berishi tartibi joriy etiladi.
Respublikada mavjud 800 dan ortiq boshqaruvchi tashkilot va 217 shirkatda 20 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritayapdi.
Endilikda koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbar va muhandis xodimlarining har yili kamida bir marta hamda santexnik, elektrik, payvandchi xodimlarining har uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini tasdiqlash boʻyicha tartib oʻrnatiladi.
Qarorda boshqaruvchi tashkilot jalb etilmagan koʻp kvartirali uy-joylar foydalanishga qabul qilinmasligi koʻzda tutilgan.
Boshqaruvchi tashkilotlar foydalanishida boʻlgan davlatga tegishli bino va inshootlarni “Kommunal taʼminot markazi” davlat muassasasiga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazish va ularni boshqaruvchi tashkilotlarga minimal stavkada ijaraga topshirish nazarda tutilmoqda.
Qaror bilan renovatsiyani amalga oshirishning aniq mexanizmi ishlab chiqiladi. Buning uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar ishtirokida ishchi guruh tuziladi.
1991-yilgacha qurilgan uylarning aksariyatida ichki muhandislik tarmoqlari va konstruksiyasiga mulkdorlar tomonidan oʻzgartirish kiritilganini aytib oʻtish kerak.
Issiqlik tizimiga oʻzgartirish kiritilgani (issiq pol, balkonga qoʻshimcha isitish yuzalari oʻrnatilgani) aniqlangan.
Oqibatda koʻp kvartirali uylarning issiqlik taʼminoti tizimlariga jiddiy zarar yetkazilgan.
Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi issiqlik taʼminotidan foydalanish talablariga rioya etilishi hamda umumiy mol -mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan taʼmirlash – tiklash ishlarining normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
OʻzA muxbiri Shahnoza Mamaturopova yozib oldi.