Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishish hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlashtirish vazifalarini belgilash maqsadida 24 avgust kuni Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Payariq tumaniga borib Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

– Ilohim, duolarimiz ijobat bo‘lib, Alloh yurtimizni tinchlik-osoyishtalikda saqlasin, fayzu baraka bersin. Mana, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida turibmiz. Xalqimiz bilan birga shu kunlarga yetganimizga shukrlar aytamiz. Oldimizga yana katta-katta rejalar qo‘yganmiz. Buning uchun ikki karra ko‘proq harakat qilishimiz, yoshlar tarbiyasiga e’tibor berishimiz kerak. Hamma sohada ta’limni, bilimni oshirsak, natijalar yuqori bo‘ladi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bekday bobolarimizga munosib bo‘lishini istaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom ma’rifati bo‘yicha, xuddi Buxorodagidek, Samarqandda ham namuna yaratish kerakligi ta’kidlandi. Allomalarimiz merosidan foydalanib jaholatga qarshi ma’rifatni kuchaytirish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari pardozlash ishlari namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz Oqdaryo tumanidagi 32-umumta’lim maktabini kirib ko‘rdi.

Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilandi. Bu boradagi eng muhim sohalardan biri ta’limdir. Shu maqsadda yangi muassasalar qurish bilan birga ta’limning mazmunini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda.

782 o‘quvchiga mo‘ljallangan 32-umumta’lim maktabi joriy yilda kapital ta’mirlandi. 22 ta sinfxona, sport zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 1 ming 500 dan ziyod badiiy adabiyotlar jamlangan.

Ma’lumki, yoshlarni kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunarga o‘rgatish maktab ta’limidagi asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Maktabning bo‘sh turgan yer maydonida yengil konstruksiyalardan qo‘shimcha xonalar qurilib, 15 xil kasb-hunar o‘rgatish uchun sharoit yaratildi. Bu yerda o‘quvchilar kompyuter, texnik xizmat ko‘rsatish, to‘quvchilik, sartaroshlik, kosmetologiya, kulolchilik, o‘ymakorlikning ilk saboqlarini o‘rganadi.

Prezidentimiz xonalarni kirib ko‘rdi, yozgi to‘garakka kelgan bolalar bilan suhbatlashdi.

– Biz oliy ta’limda qamrovni kengaytirib boryapmiz. Lekin hamma ham universitetda o‘qishni tanlamaydi. Shuning uchun farzandlarimizga maktabdayoq chet tillari va hunar o‘rgatishni maqsad qilganmiz. Kimning, kichkina bo‘lsayam, qo‘lida kasbi, hunari bo‘lsa, kuni o‘tadi. Keyin yana o‘z ustida ishlab, mahoratini oshirishi mumkin. Maqsadimiz – har bir yoshga munosib sharoit yaratish, – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda o‘qituvchilar va mehnat faxriylari bilan muloqot qildi.

Prezidentimiz Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda universitetda 25 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Bu yerda to‘rtta – Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti, Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Biokimyo instituti tashkil etilgan.

Biokimyo instituti joriy yilda universitetning biologiya va kimyo fakultetlari negizida ochildi. Ta’lim muassasasi uchun yettita yangi bino qurildi. Jumladan, jami mingdan ortiq o‘ringa ega 2 ta o‘quv binosi, majlislar zali, oranjereya-issiqxona, biologik tadqiqotlar laboratoriyasi – vivariy, botanik tadqiqotlar laboratoriyasi – gerbariy hamda talabalar oshxonasi barpo etildi.

Ahamiyatlisi, shu tariqa ikki yo‘nalish mutaxassislariga bir maydonda ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyati yaratildi. Bu biologiya va kimyo yo‘nalishidagi innovatsiyalar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi. Davlatimiz rahbari institutdagi o‘quv xonalari, oranjereya, ilmiy laboratoriyalardagi sharoitlar bilan tanishdi. Professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qildi.

Olimlar istiqbolda onkologik dori vositalarining kimyoviy transformatsiyasi asosida xavfli o‘smalarga qarshi tanlab ta’sir etadigan yangi dori vositalarini yaratish rejasi haqida so‘zlab berdi.

Prezident institut professor-o‘qituvchilarini chet elda malaka oshirishga yuborish, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqish, g‘o‘za, uzum, donning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bugungi kunda Biokimyo institutida 8 ta’lim yo‘nalishida 2800 nafar talaba tahsil olmoqda. Umuman, universitetda 12 ta ilmiy va 67 ta o‘quv laboratoriya bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan savdo, sanoat va servis majmuasi qurilish maydonida bo‘ldi. Majmua hududi 37 gektar. Bu yerda umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ulardan birinchisi – avtomobillar ehtiyot qismlari bozori yaqinda ishga tushiriladi. 11 gektar maydondagi savdo do‘konlarida 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ayni paytda gazoblok, penoplast, ohak va zichlagich ishlab chiqarish korxonalari qurilishi davom etmoqda. Ular shu yil oxirida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, kelgusi yillarda “Ko‘ksaroy avtomoll” savdo va ko‘ngilochar markazi, oynaga ishlov berish, plastik va alyumin romlar korxonasi qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Umuman, ushbu loyihalarda o‘n mingga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari buning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, loyihalarni tezlashtirish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu yirik zavodda 2018-2022 yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bu mablag‘ning 33 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir.

Dastlab, 2018 yil dekabrda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda, 2021 yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yil fevraldan issiq o‘ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.

Bu mahsulotlar import o‘rnini bosishi va eksportbopligi bilan ahamiyatli. Xususan, o‘tgan yili korxona tomonidan 63 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ushbu ko‘rsatkich joriy yilda yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihaning to‘rtinchi bosqichi – armatura ishlab chiqarish korxonasining qurilish maydonida bo‘ldi. Bu yerda yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Umuman, 2023-2025 yillarda yana beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularga jami 621 million dollar yo‘naltirilib, yiliga 1,7 million tonna metall hamda 10 million metr kvadrat oyna ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. 930 ta yangi ish o‘rni ochiladi.

Prezidentimiz mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish kerakligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Keyingi yillarda viloyat izchil rivojlanmoqda. Lekin bu barcha tumanlarda mutanosib emas.

Masalan, hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yetti oyda viloyatda 600 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.

Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, Prezidentimiz tadbirkorlik, investitsiya, sanoat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 milliard so‘m ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar yer bo‘sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni ko‘paytirish, yo‘llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta’kidlandi. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Xalqimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o‘rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to‘rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot berdi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari