Harakatlanuvchi tarkibga sifatli texnik xizmat ko‘rsatish va jamoat transporti sohasida zamonaviy ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish tajribasini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ vakillaridan iborat delegatsiya joriy yilning 19-26 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.
Xizmat safari davomida “Yutong Bus Co., Ltd”, “King Long”, “Magnetic North”, “Hikvision” kompaniyalariga tashrif amalga oshirildi va mutaxassislar kompaniyalarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Xususan, “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida uch tomonlama memorandum imzolandi. Shu bilan birga, tomonlar haydovchisiz harakatlanadigan avtonom transport vositalari sohasida o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishdi.
“Hikvision” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, innovatsion videokuzatuv tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan integratsiyalashgan xavfsizlik yechimlarini taqdim etish bo‘yicha “Toshshahartransxizmat” AJ bilan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Kelgusida “Magnetic North” kompaniyasi bilan aqlli transport tizimini yo‘lga qo‘yish masalalarida hamkorlikda ishlash rejalashtirildi. Xususan, kompaniya bilan O‘zbekiston Respublikasining intellektual transporti bo‘yicha to‘liq yechimlarni taqdim etish, jumladan, ishlab chiqish, loyihalash, o‘rnatish, ishga tushirish, o‘qitish, texnik xizmat ko‘rsatish va takomillashtirish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA