O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan “Navqiron O‘zbekiston” respublika yosh ijodkorlarining zamonaviy san’at ko‘rgazma-tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov mamlakatimizda tasviriy san’at sohasida izlanayotgan yoshlarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

“Navqiron O‘zbekiston” ijodiy loyihasining maqsad va vazifalari ham zamonaviy san’atning o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, yosh iste’dodlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yurtimiz tasviriy san’ati jarayonidagi ishtirokini faol qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Mazkur ko‘rgazma-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan zamonaviy san’at asarlari yaratishda faollik ko‘rsatayotgan 23 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yigit-qizlar ishtirok etdi.

“Navqiron O‘zbekiston” loyihasi uchun taqdim etilgan ijodiy ishlarning barchasi ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va saralandi. Ko‘rgazmada 60 nafarga yaqin ijodkorning 150 dan ortiq ijodiy ishi namoyish etildi. Ushbu loyiha yoshlar ijodidagi yutuq va kamchiliklarni atroflicha o‘rganish, tahlil etish, ularning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

“Navqiron O‘zbekiston” respublika yosh ijodkorlar ko‘rgazma-tanlovida Dilbek To‘xtaqulov birinchi o‘ringa munosib topildi. Ikkinchi o‘rin Ulug‘bek Yusupovga, uchinchi o‘rin Isomiddin Eshqulovga berildi.

Shuningdek, “Debyut” ishtiroki uchun Sardor Karimov, “Original ijodiy g‘oyasi” uchun Gulnoz Jalolova, “Ijodiy izlanishlardagi xilma-xillik” uchun Mirali Mahmudov taqdirlandi. Aziza Gadjiyeva, Dilshod Vahobov, Erik Qulmanov rag‘batlantiruvchi sovringa munosib topildi.

Aytish kerakki, mazkur ijodiy loyiha yoshlar mahoratini charxlashda o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tagani shubhasiz.

Nazokat Usmonova,  

O‘zA